Namanganda ekopolitsiya tashkil etilmoqda
Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoev raisligida avgust oyida o'tkazilgan yig'ilishda ekologiya sohasida qo'llaniladigan jarimalar miqdori 5 baravar, etkazilgan zarar uchun kompensatsiya miqdori 2 baravarga oshirilishini davlat rahbari alohida ta'kidlab, Toshkent shahri va viloyat markazlarida ekologiya politsiyasi tashkil etilishini ma'lum qilgan edi. ekologiya politsiyasining zimmasiga ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakon`erlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi profilaktika vazifalari yuklatiladi.
Ushbu politsiya ichki ishlar tizimida xizmat olib boradi, uning faoliyati o'zi aniqlagan huquqbuzarliklardan undirilgan jarimalar hamda mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladi. yangi tizimni yil yakuniga qadar yo'lga qo'yish rejalashtirilgan.
Namanganda ham ekologiya bilan bog'liq muammolarni aniqlash va kamchilik hamda qonun buzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida viloyat IIB PPX va JTSB PPXB hamda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari hamkorligida shahar bo'ylab nazorat reyd tadbirlari o'tkazildi.
Reyd davomida kanal va hovuzlar atrofiga maishiy hamda qattiq jismli chiqindilarni tashlab ketayotgan 25 nafar fuqarolarga ogohlantirishlar berilib, kelgusida ham shu kabi holat sodir etishsa jarimaga tortilishlari mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, xodimlar fuqarolarga jamoat joylarida tozalik va ozodalikka rioya etishlarini, atrof muhitni chiqindilar bilan to'ldirish emas ulardan tozalashda faol bo'lishlarini ta'kidlashdi. Qaerda noqonuniy daraxt va boshqa o'simlik, yoki hayvonlarni nobud qilishga urinish holatlari kuzatilsa bu haqda darhol tegishli idoralarga xabar berish lozimligi tushuntirildi.
ekologiya va PPX xodimlari tomonidan joylarda atrof muhit ozodaligiga qaratilgan reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati