Muhimi tarbiyalash, jazolash emas
Urganch tumani IIB Probatsiya guruhi xodimlari ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukmi qilingan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud hukmi va ajrimlari ijrosini taʼminlash borasida samarali ishlarni amalga oshirishmoqda.
Bu jarayonda nazoratdagi shaxslarning yashash manzilida va ish joylarida muntazam boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mahkumlar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, ularga qonun va meʼyoriy hujjatlar talablariga rioya etmaslikning oqibatlari tushuntirilyapti.
— Hozirda probatsiya guruhi hisobida turgan 361 nafar mahkumning barchasi belgilangan jazolarni oʻtab kelmoqda, deydi tuman IIB Probatsiya guruhi katta inspektori, kapitan Ergashboy Ortiqov. Shundan 104 nafari axloq tuzatish ishlariga, 91 nafari ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan. 97 nafar mahkum jazo oʻtash davrida tuzalish yoʻliga kirgani uchun muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilindi.
Jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab yurgan mahkumlarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasiga ham eʼtibor qaratilgan. Shu bois, oʻtgan yili 20 nafar mahkumning jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlgan jazo turiga almashtirildi. Shuningdek, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida qidiruvdagi 2 nafar mahkum qoʻlga olinib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortildi.
Masalan, urganchlik D. P. sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab, yashash manzilini tark etgani aniqlandi. Holat boʻyicha toʻplangan hujjatlar asosida unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi. Olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida bu kimsa xorijda yurgani oydinlashdi va u qoʻlga olinib, yurtimizga olib kelindi.
Hamkorlikda oʻtkazilayotgan tadbirlarda mahkumlarning muammolarini aniqlash va ularga amaliy yordam berish, bandligini taʼminlash, ular tomonidan takroran jinoyat sodir etilishining barvaqt oldini olish asosiy vazifa etib belgilab olingan. Muhimi, nazorat ostidagi shaxslarni jamiyatimizning faol aʼzolari safida boʻlishini taʼminlash borasidagi ishlar samarali davom etmoqda.
Xudoybergan JABBOROV, “Postda” muxbiri.
Xorazm viloyati.