Muddatidan ilgari shartli ravishda
Chilonzor tumani IIOFMB Probatsiya bo‘limi tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazildi. Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi raisining o‘rinbosari Akmal Mirzaxonov, sudyalar Farhod Ergashev, Jaʼfar Qurbonov, Sarvar Mamadiyev va O‘ktam Qahhorov, bo‘lim xodimlari hamda 120 nafar ro‘yxatda turgan shaxslar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida sudyalar jazo o‘tayotgan nazorat ostidagilar bilan yakkama-yakka suhbatlashishdi. Tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan, probatsiya xizmati tartib-qoidalariga amal qilib, shuningdek, yashash va ish joylaridan ijobiy tavsiflangan 27 nafar shaxs o‘talmagan jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
- Nafsga berilib adashdim, - deydi G. Abdullayeva. - Firibgarlik jinoyatini sodir etganim uchun menga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan edi. Bugun esa sud tomonidan jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etish ajrimi chiqarildi. Buning uchun, avvalo, Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Bir nafar farzandim bor. Bundan bu yog‘iga o‘zimga to‘g‘ri xulosa chiqarib, halol mehnatim bilan xalqimga foydam tegadigan inson bo‘lib yashamoqchiman.
- Qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman, - deydi muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan D.Shailyasov. - Probatsiya xodimlarining yordami bilan ishga joylashdim. Bugun yana bir xursandchilik bo‘ldi. Menga imkoniyat berildi. Jazodan muddatidan oldin ozod etildim. Endi bu ishonchni oqlash hamda bir nafar farzandimning kelajagi uchun sidqidildan mehnat qilaman.
Sayyor sud majlisi davomida sudyalar tomonidan kelgusida jazo o‘tash qoidalariga amal qilish, qayta jinoyatga qo‘l urmaslik yuzasidan maʼruzalar qilindi. Sud majlisi yakunida esa nazorat ostidagi shaxslarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Sarvar SOBIROV, “Postda” muxbiri.
Toshkent shahri.