28 Sentabr 2021 8362

Minnatdorchilik so'zlari yanada yaxshiroq xizmat qilishga undaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan minnatdorchilik so'zlarini o'qish insonni quvontiradi. Shu kabi postlardan biri «Facebook» ijtimoiy tarmog'ida Aleksandra Kaplina ismli foydalanuvchi nomidan qoldirildi. Foydalanuvchi o'z xizmat vazifalarini a'lo darajada ado etgan Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv xizmati xodimlariga chin qalbdan minnatdorchilik bildirdi.

Joriy yilning 19 avgust kuni soat 20:30 da Aleksandra Kaplina Toshkentning Chilonzor tumanidagi do'konlardan birida bo'lgan. Mahsulotlarni ko'zdan kechirib chiqayotganida notanish kishi Aleksandraning sumkasidan hamyonini o'g'irlab ketgan. Kerakli mahsulotlarni olgach, Aleksandra do'kon kassasiga yaqinlashganida, ichida 900000 so'm pul va «Uzcard» hamda «Visa» kartalari bo'lgan hamyoni yo'qligini payqagan. Shundan so'ng u «Facebook»dagi sahifasida hodisa haqida yozib, fuqarolarni ogohlikka chaqirgan. Ko'plab fuqarolar unga «Toshkent shahar IIBB/Aholi bilan muloqot» guruhiga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Shu bilan birga Aleksandra Chilonzor tumani IIO FMB navbatchilik qismiga ariza bilan murojaat qildi. Ushbu ariza jinoyat qidiruv xizmati xodimlariga etkazilgach, ular voqea joyiga yo'l olishdi. Xodimlar tajribalaridan kelib chiqqan holda kameralar yordamida gumonlanuvchining yo'nalishini aniqlashga harakat qilishdi. Tegishli choralar ko'rilgach, gumonlanuvchi - 48 yoshli Farhod A. ekanligi ma'lum bo'ldi.

Ostonasida ichki ishlar organlarini ko'rgan gumonlanuvchi hayratlanib, avvaliga aybini bo'yniga olmadi. Ammo to'plangan hujjatlar taqdim etilgach, qilmishiga iqror bo'ldi.

Mazkur fakt bo'yicha to'plangan hujjatlar Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo'limiga yo'naltirildi. Jinoyat qisqa muddatda fosh etilgani Aleksandrani xursand qildi. Ko'pchilik «bu xodimlarning vazifasi, ularning tanlovi» deyishi mumkin. Ammo tan olish kerakki, ish kuni qay tarzda yakun topishini bilmasdan hayotini xavf ostiga qo'yadigan ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatlari tahsinga sazovordir.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

 

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага