Maktab binosidan koʻp miqdordagi buyumlarni oʻgʻirlab ketgan shaxs ekspert-kriminalistlar tomonidan barmoq izi orqali aniqlandi
Namangan tumanidagi 17-sonli maktab direktori, tuman IIBga aloqa xati bilan murojaat qilgan.
Unda 2023-yil 27-yanvar kuniga oʻtar kechasi nomaʼlum shaxs, maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari yakunlamagan binosidan turli buyumlarni oʻgʻirlab ketganligini bildirib chora koʻrishni soʻragan. Olib borilgan tekshiruv ishlari natijasida umumiy narxi 26.000.000 soʻmlik 15 dona isitish radiatorlari, 6 dona televizorlar, 1 dona kesish apparati, 1 dona santexnika dazmoli, 4 dona kompyuter ovoz kuchaytirgichlari, 1 dona erkaklar kurtkasi, har-xil oʻlchamdagi kalitlari oʻgʻirlab ketilganligi maʼlum boʻldi. Namangan viloyat IIB EKB bosh eksperti tomonidan voqea joyidan olingan qoʻl barmoq izlari avtomatlashtirilgan shaxsni
identifikatsiya qilish tizimida tekshirilganida, ushbu qoʻl qoʻl barmoq izlaridan biri, Namangan tumani Tepaqoʻrgʻon MFY Toshloq koʻchasida yashovchi 1987-yilda tugʻilgan shaxsning oʻng qoʻl ikkinchi (koʻrsatkich) barmogʻiga mos kelishi aniqlandi.
Namangan tuman IIB tezkor vakillari va profilaktika inspektori tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlanib, oʻgʻirlangan buyumlar daliliy ashyo sifatida olingan.
Ushbu holat boʻyicha tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchi jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati