Kun qahramoni: yosh xodimning xizmatda shakllanishi
Feysbuk ijtimoiy tarmogʻidagi “Yunusobodliklar” guruhida “Аfanasiy Borshov” ismli foydalanuvchi Yunusobod tumani 2-kvartalida joylashgan 37-son uyda yashovchilar nomidan xabar qoldirdi. Xabarda 3-son IIB 405-son mahalla punkti profilaktika inspektori katta serjant Sanjar Nurmurodov hamda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlariga, “Mumtoz servis” MChJ ishchilariga uyning 11 ta xonadoni egalarining mulkini saqlab qolishda koʻrsatgan yordamlari uchun minnatdorchilik bildirilgan. ...21-avgust kuni ertalab katta serjant Sanjar Nurmurodovga 16 qavatli 37-son uyda yashovchi fuqarolar murojaat qilishdi. Fuqarolar 12-qavatdagi xonadonlardan birida suv oʻtkazish quvuridan suv oqayotganini, oqibatda past qavatdagi xonadonlarda suv toshayotganini maʼlum qilishdi.
Аniqlanishicha, xonadon egasi uzoq vaqtga xorijga joʻnab ketgan ekan. Fuqarolarni tinglagach, profilaktika inspektori zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va kommunal-ekspluatatsion xizmat xodimlarini chaqirdi. Olib borilgan ishlar natijasida quvur taʼmirlanib, muammo bartaraf etildi. Bu profilaktika inspektorining kundalik ishlaridan biri xolos. Katta serjant S. Nurmurodov bu kasbni tanlashida uning otasi, 25 yil IIO xodimi boʻlib xizmat qilgan isteʼfodagi serjant Sunnatilla Bobonazarovning oʻrni beqiyosdir.
Joriy yilning bahorida Sanjar huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasida xizmatga qabul boʻlayotgani haqida xabar topdi va 2021 yil 19-iyul kunidan profilaktika inspektori sifatida xizmatni boshladi. S. Nurmurodov Yunusobod tumani “Xusniobod” mahallasida xizmat olib boradi. Uning xizmat tajribasi katta boʻlmaganligiga qaramasdan, mahalla aholisi bilan ishonchli aloqa oʻrnatishga ulgurdi. “Xusniobod” mahallasida 7,6 ming kishidan oshiq aholi istiqomat qiladi.
Mahalla faollari bilan inspektor oʻz hududini koʻzdan kechirib, turli xil huquqbuzarliklarning oldini olib, muammolarga yechim topish bilan shugʻullanadi. Uning ustozlari – katta leytenantlar Javohir Malikov va Muhammadjon Mannopovlar unga yordam berib turishmoqda. Har kuni ertalab profilaktika inspektori Sanjar Nurmurodov xizmatga chiqib, fuqarolar muammolarini tinglab, ularga yechim topishga harakat qiladi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati