Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar haqida matbuot anjumani
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qashqadaryo viloyati boʻlimida «Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar: tahlil va natijalar» mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Uni AOKA viloyat boʻlimi rahbari Usmon Nusurov ochdi.
Matbuot anjumanida globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa, internet yoshlarni kundalik hayotining ajralmas qismiga aylangan «Axborot asri» deb atalayotgan hozirgi zamonda, maʼlumot olish va axborot almashishning qulay vositasi internet ekanligi, ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot tarqatish balki jamoatchilik fikrini shakllantirish va boshqarishda jiddiy qurol boʻlib qolganligi qayd etildi.
Soʻnggi vaqtlarda bank plastik kartalaridagi pullarni talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarni sodir etilishi kundan-kunga koʻpayib borayotganligi kuzatilmoqda. Xususan, viloyat hududida bank plastik kartalaridagi pullarni noqonuniy oʻzlashtirilishi bilan bogʻliq murojaatlar koʻpaymoqda.
Tahlillarga koʻra, bir kunda qayd etilayotgan ushbu turdagi jinoyatlarning 10 tadan 9 tasi noaniq sharoitlarda sodir etilmoqda. Viloyat hududida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, uni oldini olish va fuqarolarga ushbu turdagi jinoyat qurboniga aylanib qolmasliklari uchun ularning kiber bilimlarini oshirish, ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi har bir fuqaroga immunitet shakllantirishini taʼminlash, mazkur turdagi jinoyatlarni «issiq izi»dan fosh etish, bank plastik kartalaridagi pullarni talon-toroj qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlarni oldini olishda ommaviy axborot vositalarining roli katta. Bunda OAV xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollarining bu boradagi targʻibot va tashviqot ishlari fuqarolarni ogohlikka chorlab, kiberjinoyatlarni oldini olishda muhim rol oʻynaydi.
Tadbirda OAV va ijtimoiy tarmoq faollariga kiberjinoyatlarning turlari:
Kiberxavfsizlik — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganlik holati;
kiberjinoyatchilik — axborotni egallash, uni oʻzgartirish, yoʻq qilish yoki axborot tizimlari va resurslarini ishdan chiqarish maqsadida kibermakonda dasturiy taʼminot va texnik vositalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar yigʻindisi;
kibermakon — axborot texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual muhit;
kibertahdid — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soluvchi shart-sharoitlar va omillar majmui;
kiberhimoya — kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olishga, kiberhujumlarni aniqlashga va ulardan himoya qilishga, kiberhujumlarning oqibatlarini bartaraf etishga, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborot tizimlari hamda resurslari faoliyatining barqarorligini va ishonchliligini tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik chora-tadbirlar, shuningdek maʼlumotlarni kriptografik va texnik jihatdan himoya qilish chora-tadbirlari majmui;
kiberhujum — kibermakonda apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalardan foydalangan holda qasddan amalga oshiriladigan, kiberxavfsizlikka tahdid soladigan harakat ekanligi haqida haqida batafsil maʼlumot berildi.
Fuqarolar kibertahdidlar haqida toʻliq maʼlumot olish uchun Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining Cyber_102 kanaliga obuna boʻlish tavsiya etildi.
Koʻlami keng matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati rahbari Shohruh Giyasov ishtirok etdi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati