Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish davr talabidir
Kuni kecha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida kiberxavfsizlik kuni doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan davra suhbati tashkil etildi.
Unda «Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish – davr talabi» mavzusi muhokama qilindi.
Tadbirda universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Davra suhbati ishtirokchilariga kiberjinoyatchilarning hiyla-nayranglariga qanday aldanib qolmaslik haqida maʼlumot berildi, shuningdek ularga hech kimga bank kartalarining maʼlumotlari va maxfiy kodlarini bermaslik, qimor oʻyinlari va boshqa tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarda qatnashmasliklari kerakligi tushuntirildi.
Yakunda huquq-tartibot idoralari xodimlari yigʻilganlarni qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi.
Shuningdek, poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan respublika IIV Akademiyasi kursantlari uchun mashgʻulotlar oʻtkazildi.
Mashgʻulotlar davomida xodimlar tinglovchilarga internet tahdidlarining asosiy turlari, kiberjinoyatlarning tez rivojlanayotgan yangi shakllari haqida soʻzlab berdilar va oʻz ish amaliyotidan aniq misollar keltirdilar.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan boʻlgan suhbatda oʻquvchilar tarmoqda xavfsiz oʻzaro hamkorlikni tashkil etish masalalarini, shuningdek, zamonaviy kiberjinoyat turlarining xususiyatlarini faol muhokama qildilar.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati