Keksalik gashti boʻlakcha
Shunday insonlar borki, fidoyiligi, kamtarligi, toza qalbi, ilm-ziyosi bilan dunyoni yoritib, qalblarga iliqlik baxsh etadi. IIV faxriysi, isteʼfodagi polkovnik Rahmatjon Ahmedov ham ana shunday insonlardan biri.
U 1937-yil 25-sentyabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumani Savrak qishlogʻida xizmatchi oilasida dunyoga keladi. Maktabni aʼlo baholarga tamomlab, 1955-yilda Toshkent temiryoʻllar muhandislari institutiga hujjat topshiradi.
— Yon qoʻshnim, ham eng yaqin doʻstim bilan Toshkentga keldik. Institutga hujjat topshirganimizdan soʻng unda hadik paydo boʻldi. “Doʻstim, biz oʻqishga kira olmaymiz, yur, uyga qaytaylik, armiyaga ketamiz”, deya turib oldi. Yaqin doʻstimning gapini rad eta olmadim. Hujjatlarni olgani borganimizda, hujjatlarim aʼlochilar papkasida turgan ekan. Suhbat asosida oʻqishga kirishim kerak boʻlgan. Mayli, nasib qilmagan ekan. Soʻng Buxoroga qaytdik va 4 oy shofyorlikda oʻqidim. Keyin jamoa xoʻjaligida ishlay boshladim. Shu orada armiyaga ketadigan boʻlib qoldik.
Ammo tibbiy tekshiruvlar natijasida yurakning chap tomoni kattalashuvi tashxisi qoʻyilib, xizmatga bora olmadim.
Soʻngra 1957-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti (hozirgi Agrar universitet)ga hujjat topshirdim. Bir oylik tayyorlov kursida oʻqib yurganimda, adabiyot fanidan insho yozdik. Oʻshanda ustozim agronom emas, jurnalist boʻlishim kerakligini aytgandi. Bizga agronomlik ham boʻladi deb, qisqasi, shu institutni tugatdim, deydi qahramonimiz.
Rahmatjon aka talabalik paytida ammasining uyida turib oʻqiydi. Qoʻshni qiz Dilora Hasanovaga koʻngil qoʻyadi. Oʻqishni tamomlagach, unga uylanib, oilasi bilan Buxoroga qaytishadi. Qishloqda jamoa xoʻjaligida bir necha yil agronom boʻlib ishlaydi. Ammo non-nasibasi Toshkentga qoʻshilgan ekan, 1963-yilda yana oilasi bilan poytaxtga qaytadi.
U dastlabki xizmat faoliyatini 1964-yilda Toshkent shahar IIB Pasport boʻlimida inspektorlikdan boshlagan. 1965-yildan IIB Jinoyat-qidiruv boʻlimida faoliyatini davom ettiradi.1967-1971-yillarda esa IIB Shaxsiy tarkib boʻyicha maxsus inspeksiyasida ishlaydi.
Yoshlikdan adabiyot va sanʼat shaydosi ekanligi qoʻliga qalam olib, Vatan, doʻstlik, sevgi haqida sheʼrlar yozishga undadi.
1970-yil 20-oktyabrda ilk bor Oʻzbekiston televideniyesida militsiya organlari faoliyatiga bagʻishlab tashkil etilgan “Toʻlqinda 02” telekoʻrsatuvida boshlovchilik qildi. Bu koʻrsatuv keyinchalik “Jangovar postda” nomi bilan ataldi.
Rahmatjon Ahmedov 1973-1975-yillar davomida Toshkent shahar IIB kadrlar boʻlimi boshligʻi, 1975-yildan boshlab IIV kadrlar boshqarmasida inspektor, 1977-1983-yillarda esa IIV SHTBIX boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishladi. Uning el-yurt osoyishtaligi yoʻlidagi faoliyatining asosiy qismi Kadrlar bilan ishlash xizmatida kechdi. Xizmat davrida juda koʻp doʻstlar orttirdi. Koʻlidan kelgancha insonlarga yaxshilik qilishga, ularga yordam berishga, dardiga darmon boʻlishga oshiqardi.
Kunu tun sidqidildan mehnat qildi. 1992-yili IIV Akademiyasida boshliqning kadrlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.1998-yilda polkovnik unvonida izzat-ikrom bilan pensiyaga kuzatiladi.
Turmush oʻrtogʻi marhuma Dilora Hasanova ham 27 yil Toshkent shahar Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumani IIB Voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspeksiyasida xizmat qilib, oddiy inspektorlikdan boshliq darajasigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan edi.
Farzandlari ham ota izidan borishdi. Oʻgʻli Shuhrat Ahmedov podpolkovnik unvoni bilan, qizi Gulnora esa IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidan mayor unvoni bilan pensiyaga chiqishdi.
Ayni paytda qahramonimiz nabiralar qurshovida keksalik gashtini surmoqda.
Madina QAHHOROVA, “Postda” muxbiri