14 Iyul 2022 511

Katta leytenant Isroil Madrimov tantanali kutib olindi

Professional boksning WBA Eliminator kamari uchun birinchi oʻrta vazn toifasida fransiyalik Mishel Soroga qarshi munosib jang olib borgan isteʼdodli bokschimiz Isroil Madrimov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida Oʻzbekiston boks va professional boks federatsiyasi vakillari, Toshkent viloyati IIBB TVBSO jamoasi (hamkasblari), ota-onasi, professional boks boʻyicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.

Minglab professional boks ishqibozlari guvohligida oʻtgan jangning ikkinchi raund soʻngida fransiyalik charm qoʻlqop ustasining jarohat olgani bois hakamlar tomonidan texnik durang qayd etildi. Aytish lozim, ilk raundlardanoq Isroil Madrimovning shiddatli harakatlari uni gʻoliblikka munosib ekanligini koʻrsatayotgandi. Ammo, kutilmaganda Mishel Soroning qoshi yorilishi, uni yaqqol magʻlubiyatdan asrab qoldi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan Isroilning onasi Zubayda Madrimova mamlakatimizda sport sohasiga berilayotgan katta eʼtibor natijasida sportchilarimiz xalqaro maydonlarda munosib yutuqlarga erishayotganligi, bu holat uning oʻgʻli Isroilning professional boksdagi faoliyatida ham aks etayotganligini eʼtirof etdi.

Maʼlumot oʻrnida, katta leytenant Isroil Madrimov 2018 yildan IIOda, 2019 yildan buyon Toshkent viloyati IIBB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadida xizmat qiladi.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага