23 Iyul 2022 2498

Jizzax viloyatida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil etildi

O‘rganishlar davomida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov hamda Bosh prokuror o‘rinbosari, general-mayor Shuxrat Uzaqov boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi Jizzax viloyatida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ko‘p millatli xalqimizning ahil-inoq yashashlari uchun zaruriy sharoitlarni yaratish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali aholi turmush farovonligini oshirish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyatini o‘rgandi.

Mazkur o‘rganish natijalari Jizzax viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, bir qator vazirliklar, Jizzax viloyatidagi boshqarma va tashkilotlar, mudofaa hamda huquq-tartibot organlari, oliy o‘quv yurtlari masʼullari va ichki ishlar organlari faxriylari ishtirokida muhokama qilindi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov hamda vazir o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov so‘zga chiqdi.

Notiqlar tomonidan viloyatda jamoat xavfsizligi konsepsiyasini hayotga tatbiq etish, sektorlarda aholi muammolarini hal qilish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasida anchayin nuqsonlar mavjudligi bildirildi. Chunonchi, elektr, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suvi taʼminotida uzilishlar kuzatilmoqda. Xuddi shunday, soliqlar va byudjet tushumlari, korxona va tashkilotlar qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarni qoniqarli, deb bo‘lmaydi.

265 ta tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlangan. Investitsiya dasturlariga doxil hisobotlarda ish o‘rinlari soni oshirib ko‘rsatilgan. 525 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari to‘lov terminallariga ega emas. Bankomatlar sonining kamligi naqd pul bilan bog‘liq ovoragarchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratishdagi kamchiliklar narxlar ortishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi ahvol ham ko‘ngildagidek emas. Viloyatda profilaktika inspektorlarini uy-joy bilan taʼminlash, joylarda narkologiya shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir reja va topshiriqlar qoniqarli bajarilmagan.

Yig‘ilishda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev hamda bir qator masʼul tashkilot va boshqarmalar rahbarlari so‘zga chiqdi. Bu jarayonda ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan mutasaddilarga chora ko‘rilishi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari belgilandi. Qisqasi, aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish, jamoat xavfsizligi va osoyishtalikni taʼminlash, millatlararo hamjihatlikni kuchaytirish, jamiyatga zarar yetkazuvchi har qanday turdagi omillarni bartaraf qilish uchun kuch va imkoniyatlarni to‘la safarbar etishga kelishib olindi.  

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага