Jasorat – chinakam ibrat
IIV Akademiyasida “Qahramonlar nomi barhayot!” mavzuida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining o‘ttiz bir yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Bobur Bobomurod, ichki ishlar organi faxriysi, isteʼfodagi general-mayor Habibulla Hojimatov, taʼlim muassasasi xodimlari va kursantlari ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘ining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Bobur Dadajonov ochib, mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlashda harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining masʼuliyatli xizmati borligini, mazkur tadbir yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda vatan tuyg‘usi, burchga sadoqatli bo‘lish va el-yurt tinchligi yo‘lida xizmat qilishning sharafli masʼuliyati haqida so‘z bordi. Mustaqillik yillari xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yorqin xotirasi yodga olinib, zamonamiz yoshlari buyuk ajdodlarimiz va ona Vatanimiz uchun o‘z jonini fido etgan zamondoshlarimizdan munosib ibrat olishlari taʼkidlandi.
Yurtimizni madh etuvchi sheʼriy chiqishlar barchada katta taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati