Inson qadrini ulugʻlagan ayyom
Navroʻz – boqiy qadriyatlar, pokiza niyatlar, xayrli amallar bayrami. Uning zamirida, eng avvalo, inson qadrini ulugʻlashdek ezgu gʻoya mujassam.
Bayram munosabati bilan IIV Akademiyasida oʻtkazilgan tadbir avvalida oʻquv dargohi boshligʻi Rustam Xatamov yigʻilganlarni samimiy muborakbod etdi.
– Insoniyat tarixida millatlarning maʼnaviy ildizini, milliy qadriyatlarini yoʻq qilishga urinishlar koʻp boʻlgan. Ammo Navroʻz bayrami umuminsoniy gʻoyalari va ezgu falsafasi bilan ming yillardan buyon bezavol yashab kelmoqda. Chunki Navroʻz tinchlik-totuvlik, doʻstlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbat ifodasi boʻlib kelgan, – dedi Akademiya rahbari.
Tadbirda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar inson qadrini ulugʻlash, har bir fuqaroning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalda taʼminlash, xalqimizni rozi qilishdek ulugʻ maqsadlarni roʻyobga chiqarayotgani eʼtirof etildi.
– Bugungi murakkab davrda dunyoning ayrim mintaqalarida siyosiy tangliklar yuzaga kelmoqda. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda xalqimizga xos fazilatlarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi – bu xalqimizning azmu qarori, uning hayot mazmunidir, bu olijanob maqsad Navroʻzi olam falsafasi va qadriyatlari bilan gʻoyat uygʻun va hamohangdir, – dedi Akademiya boshligʻi.
Bayram tadbirida bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan taqdirlandi. Akademiya badiiy havaskorlik jamoalarining yurtimizni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlari yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati