25 Avgust 2022 964

Ikkinchi mintaqaviy hudud 6-son jazoni ijro etish koloniyasida davra suhbati oʻtkazildi

Ikkinchi mintaqaviy hudud 6-son jazoni ijro etish koloniyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Namangan viloyati mintaqaviy vakili, Namangan viloyati IIB Probatsiya boshqarmasi, Yuksalish umummilliy harakati Namangan viloyati hududiy boʻlimi, Madad huquqiy markazi Pop tuman vakillari taklif etilib, “Mahkumlarni ozodlikka tayyorlash va turmushga moslashtirish” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbir davomida dastlab Namangan viloyati IIB Probatsiya boshqarmasi ijtimoiy moslashtirish va profilaktika guruhi MTB inspektori kapitan Jabborov Abrorjon soʻzga chiqib, jazo muddatini belgilangan qismini oʻtab ozodlikka chiqqandan soʻng, har bir hududda probatsiya guruhi xodimlari faoliyat yuritayotganligi, mahkumlarga jamiyatda oʻz yoʻllarini topib, hayotini izga solishda beriladigan yordam va imkoniyatlarni tushuntirib oʻtdi.

Shundan soʻng, Ombudsmanning Namangan viloyati mintaqaviy vakili Valiyev Jaxongir soʻzga chiqib, koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni Davlatimiz mustaqilligining 31 yilligi bilan tabriklab, «Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz ” shiori ostida bayramga tayyorgarlik koʻrilayotganligi xususida toʻxtalib, jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar ham oʻzlarining yaxshi xulqi, yurish-turishi, vijdonan mehnati bilan hissa qoʻshish kerakligi toʻgʻrisidagi maʼruzasini mahkumlar eʼtiboriga yetkazdi.

Tadbir yakunida Yuksalish umummilliy harakati Namangan viloyati hududiy boʻlimi inspektori Muxammadiyeva Nargiza soʻzga chiqib, kuni kecha Prezidentimiz bilan tadbirkorlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan ochiq muloqot jarayoni va tadbirkorlarga berilgan imkoniyatlar toʻgʻrisidagi fikrlarini mahkumlar eʼtiboriga yetkazdi hamda ozodlikka chiqayotgan mahkumlar ham ushbu imkoniyatdan foydalanib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi mumkinligini aytdi.

Tadbirdan soʻng, koloniyaga tashrif buyurgan mehmonlar tomonidan sayyor qabul oʻtkazildi. Sayyor qabul davomida 16 nafar mahkumlar murojaat qildi. Murojaat qilgan mahkumlarning hammasiga qonunda belgilangan tartibda tushuntirish berildi hamda mehmonlar tomonidan koloniya mahkumlar kutubxonasiga foydalanish uchun 35 dona kitoblar begʻaraz yordam sifatida topshirildi.

IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага