Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisiga 2022-yilning birinchi yarmi yakunlari boʻyicha Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonovning huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti
Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi boʻgʻinidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish va zamonaviy ish uslublarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari talablari asosida ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari etib quyidagilar belgilandi:
- – har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolarni bevosita joylarning oʻzida hal etish;
- – hududlarda jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahallalarni toifalarga ajratish hamda kriminogen ogʻir hududlarga hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat oʻchoqlari«ni bartaraf etish uchun qoʻshimcha kuch va vositalarni jalb qilish;
- – respublika – viloyat – tuman – mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, ichki ishlar va boshqa davlat organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash;
– ichki ishlar organlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, tizim xodimlarining shaxsiy
masʼuliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi koʻrinishlariga qarshi kurashish uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish hamda sohani toʻliq raqamlashtirishga erishish.
Bu borada, 2022-yilning birinchi yarmida ichki ishlar organlarining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida bir qator quyidagi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi chora-tadbirlar uchun Ichki ishlar vazirligi asosiy ijrochi etib belgilangan barcha bandlarning ijrosi taʼminlandi.
Oliy Majlis Senatining 2022-yil 19-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida”gi qarori (SQ-504-IV-son) bilan belgilab berilgan topshiriqlarning har bir bandi alohida nazoratga olinib, masʼullar belgilandi va joyiga chiqqan holda ijroga qaratildi.
Ichki ishlar vazirligida ijro intizomini mustahkamlash, bu borada barcha darajadagi rahbarlar masʼuliyatini kuchaytirish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi ijro intizomi masalalari boʻyicha PF-6166-son Farmoni va 31-maydagi “ijro.gov.uz” tizimida topshiriqlar ijrosini va nazoratini tashkil etishning yangicha mexanizmini belgilab beruvchi PQ–5132-son qarori asosida olib borildi.
Jumladan, 2022-yilning 6 oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 107 ta Farmon, qaror, farmoyishlari, majlis hamda hududlarga tashriflari bayonlari doirasida ichki ishlar organlariga yuklatilgan jami 368 ta topshiriqlarning ijrosi bajarilishi taʼminlandi.
Bunda, berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan loyihalar asosida 20 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bundan tashqari, 51 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, shundan 14 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta Farmoni, 7 ta qarori, Hukumatning 29 ta qarori loyihalari ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilinishi natijasida ichki ishlar organlari faoliyati yanada takomillashtirildi.
Jumladan, ishni sudga qadar yuritish bosqichida jinoyatlarga oid arizalar, xabarlarni koʻrib chiqish hamda jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlash uchun davlat organlari oʻrtasida tezkor axborot almashishni amalga oshirish boʻyicha “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi joriy etildi.
Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazida Genetik tadqiqotlar va Shaxsning genom axborotini davlat roʻyxatiga olish boʻlimlari tashkil etildi.
Ichki ishlar vazirligi taʼsischiligida oʻqotar, pnevmatik, gazli, signal beruvchi, sovuq, uloqtiruvchi va boshqa qurollar, ularning oʻq-dorilarini, maxsus vositalarni, oʻq oʻtkazmaydigan maxsus himoya vositalarini, elektroshok qurilmalari, pirotexnika buyumlari va portlovchi materiallarni sertifikatlashni amalga oshiruvchi davlat muassasasi tashkil etildi.
Ekspert-kriminalistika bosh markazida 2022-yil yakuniga qadar 8 ta, 2023-yil yakuniga qadar esa yana 3 ta yangi turdagi ekspertiza va tadqiqotlar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
2023 – 2026-yillarda ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati saf boʻlinmalarini avto va mototransport vositalari, xizmat otlari va anjomlar bilan taʼminlash dasturi tasdiqlandi hamda otliq otryadlari uchun yangi bino va inshootlarni qurish belgilandi.
Shuningdek, 2022 – 2024-yillarda ichki ishlar organlari boʻlinmalarini elektron brasletlar bilan taʼminlash dasturi tasdiqlandi. Unga koʻra, konvoy ostidagi shaxslar qochishga uringan (elektron brasletni yechish) holatlar haqidagi tovushli va vizual xabarni onlayn rejimida avtomatik tarzda biriktirilgan konvoychi xodimga hamda navbatchilik qismlariga uzatish imkoniyati yaratiladi.
Mahallalarda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ichki ishlar organlari, boshqa huquq-tartibot organlari va jamoat tuzilmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Toshkent shahri tumanlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida hamda yirik tuman va shaharlarda amaldagi tayanch punktlar oʻrniga har beshta mahallaga faoliyat koʻrsatuvchi “Mahalla huquq-tartibot maskanlari» tashkil etilishi belgilandi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar
2022-yilning 6 oyi mobaynida respublika hududida jinoyatchilikni jilovlash, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida bir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
1. Tezkor-qidiruv faoliyatini jadallashtirish yoʻnalishida:
– respublikada sodir etilgan jinoyatlarning 43 728 tasi yoki 93,9 foizi fosh etildi, tergov organlaridan yashiringan 2 841 nafar shaxslar ushlandi, 203 nafar bedarak yoʻqolganlar topilib, 11 ta shaxsi nomaʼlum murdalarning shaxsi aniqlandi;
– 1 066 nafar shaxslar tomonidan sodir etilgan 817 ta korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 116 mlrd 515 mln soʻm miqdoridagi zararning undirilishi taʼminlandi;
– 1 tn 206 kg narkotik vositalari, shuningdek turli yot gʻoyalarni targʻib etishda foydalanilgan 54 ta adabiyotlar va 111 ta maʼlumot tashuvchilar olindi;
– 1 135 marotaba maxsus operatsiyalarda 14 811 nafar jinoyat sodir qilgan shaxslar ushlanib, ulardan 5 dona oʻqotar qurollar, 1 222 dona
oʻq-dorlar, 118 dona sovuq qurol va 46 kg 618,3 gr giyohvandlik vositasi aniqlab olindi;
– 861 bosh xizmat itlari yordamida 1 669 ta jinoyatlar fosh etilib, 50 kg ortiq giyohvandlik vositalari aniqlandi;
– targʻibot-tashviqot ishlari natijasida fuqarolardan 548 dona qurol va 971 dona oʻq-dorilar ixtiyoriy ravishda olindi, 73 nafar fuqarolar esa 634 dona qurol va 1 923 dona oʻq-dorilarni noqonuniy saqlaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi;
– 244 nafar “hujra”larda qatnashgan, 35 nafar chegara qoidalarini buzgan hamda 120 nafar odam savdosi jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrilishi taʼminlandi;
– muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlarida saqlangan 3 595 nafar shaxslar bilan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 75 nafar qidiruvda boʻlgan shaxs aniqlandi va 38 ta jinoyatlar fosh etildi;
2. Jinoyatchilikni «mahallabay» usulida jilovlash yoʻnalishida:
– 116 485 nafar ilgari sudlangan shaxslar profilaktik hisobdan chiqarilib, 11 847 nafari ishga joylashishi uchun yoʻllanmalar berildi va 2 817 nafariga moddiy yordam koʻrsatildi;
– voyaga yetmaganlarning 3 294 nafari oʻqishga qaytarildi, 4 955 nafari sport, 3 904 nafarini fakultativ toʻgaraklarga, 1 272 nafari kichik biznes shoxobchalariga jalb etildi va 1 407 nafari “Barkamol avlod” markazlariga joylashtirildi;
– nazoratsiz yurgan 51 003 nafar voyaga yetmagan shaxslar aniqlanib, 15 225 nafari ijtimoiy-huquqiy yordam markazlariga va 106 nafari oʻquv-tarbiya muassasalariga joylashtirildi;
– profilaktika inspektorlari tomonidan 887 ming 108 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar, shundan, 58 558 ta pasport tizimi qoidalarini buzish, 128 748 ta jamoat joylarida spirtli ichimlik ichish va 1 806 ta oz miqdorda talon-toroj qilish huquqbuzarliklari aniqlangan;
– profilaktika inspektorining vakolatiga kiruvchi maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha 23,9 mlrd soʻm jarima undirilgan boʻlib, 55,7 mlrd soʻm jarimani undirish uchun hujjatlar tegishli idoralarga yuborilgan;
– 4 670 ta IIO tayanch punktlariga optik tolali kabel tortilib, buning natijasida “onlayn sud” oʻtkazish uchun 3 805 ta joylar joriy etilib, sudlarda 40 525 ta maʼmuriy ishlar “onlayn” tarzda koʻrib chiqildi;
– mahallalarda 5 545 ta “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tashkil etilib, ularga 15 873 nafar yoshlar jalb etildi va jamoat xavfsizligini taʼminlash ishlariga yoʻnaltirildi;
– uyma-uy yurish orqali aholida 7 636 ta ijtimoiy-iqtisodiy muammolar aniqlanib, ularni bartaraf qilish uchun mahalliy hokimliklar hamda mutasaddi idoralarga 5 354 ta taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, respublika miqyosida 3 marotaba “Xavfsiz hudud”, “Turmush” va “Nazorat” tezkor-profilaktika tadbirlari oʻtkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida 11 666 ta oilalarning muammolari, 21 972 nafar ilgari sudlanganlar, 11 260 nafar maʼmuriy nazorat qonuni taʼsiri ostiga tushuvchilar, 2 465 nafar oʻta xavfli retsidivistlar, 5 845 nafar maʼmuriy nazoratda turgan shaxslarning turmush tarzi oʻrganilib, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
3. Alohida toifadagi shaxslar bilan ishlash yoʻnalishida
Yoshlar orasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida alohida eʼtibor uyushmagan yoshlar bilan ishlashga qaratilib, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish choralari koʻrildi:
– Ichki ishlar vazirligi tomonidan respublikaning 3-sektorlarida yoshlar oʻrtasida sportning voleybol turi boʻyicha Ichki ishlar vazirining kubogi musobaqalari oʻtkazildi;
– ichki ishlar organlariga koʻmaklashayotgan yoshlar oʻrtasida j.y.
20-maydan 25-iyulga qadar Eng faol “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhi aʼzosi koʻrik-tanlovi oʻtkazildi;
– yoshlarni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish hamda ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish maqsadida joriy yil 15-maydan 8-avgustga qadar “Yosh huquqshunos” koʻrik tanlovi oʻtkazilmoqda.
Xotin-qizlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda oilalarda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi:
– 3 067 nafar xotin-qizlarning ishga joylashishida, 3 132 nafariga moddiy va ijtimoiy yordam berilishida, 215 nafarini tibbiyot dispanserlariga yuborilishida, 716 nafariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini qayta tiklashda, 1 138 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda amaliy yordamlar koʻrsatildi;
– ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan oilaviy muammolar va turmushida zoʻravonlik ishlatilishiga duch kelgan 172 nafar xotin-qizlar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirildi;
– ijtimoiy muammolari hal etilishi natijasida sogʻlom turmush tarziga oʻtgan 9 157 nafar, shu jumladan 228 nafar voyaga yetmagan qizlar, 2 156 nafar yosh (18-30 yosh) xotin-qizlar, 217 nafar ilgari sudlangan ayollar ichki ishlar organlari hisobidan chiqarildi;
– “himoya orderi” rasmiylashtirilgan 25 869 nafar nafar xotin-qizlarning oilalarida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida 12 843 ta oila yarashtirildi, 11 640 ta oilalarda nizolar bartaraf etildi, shuningdek, ularning qonuniy haq-huquqlarini toʻliq taʼminlash maqsadida, tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan 2 762 nafar shaxslar himoya orderi talablarini bajarmaganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi;
– ogʻir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga tezkorlik bilan zaruriy yordam koʻrsatish uchun tizimda (Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati tarkibida, 2022-yil 10-yanvardan) qisqa “1259” va “1286” raqamli “Ishonch markazi” tashkil etilib, markazga qoʻngʻiroq qilgan 5 976 nafar ayollarga psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi.
Aholining kam taʼminlangan, yakka yolgʻiz, boquvchisini yoʻqotgan, nogiron hamda doimiy mehnat bilan band boʻlmagan qatlamlari bilan ishlash borasida “mahallabay” tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur tizim doirasida, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan 3-sektorlarda:
– “Temir daftar«ga kiritilgan 165 865 ta ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal qilish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida, bugungi kunga kelib ularning 157 114 tasida (94,7 %) daromad manbai shakllantirildi va ular Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlari asosida roʻyxatdan chiqarildi;
– “Ayollar daftari”ga kiritilgan 644 849 nafar xotin-qizlarga koʻmaklashish orqali ularning 497 497 nafariga 3-bosqich doirasida zaruriy yordam koʻrsatildi;
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 49 974 nafar qoʻshimcha koʻmakka muhtoj yoshlarning 886 nafari doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlandi, 1 156 nafariga kredit ajratildi, 16 042 nafariga yer ajratildi, 177 nafari “ustoz-shogird” anʼanasi asosida hunarmandlarga biriktirildi, 4 120 nafariga subsidiya ajratildi, 1 680 nafariga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda jami 41 598 nafar (83,2 %) yoshlar roʻyxatdan chiqarildi.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftari«ga kiritilgan shaxslarning 1 831 nafariga safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtash badali hamda 897 nafariga haydovchilarni tayyorlash kurslarida oʻqish xarajatlari qoplab berildi.
Shuningdek, “Yoshlar daftari«ga kiritilganlarning 288 nafariga ijara xarajatlari, 3 832 nafariga esa mehnat qurollari xarid qilish uchun bir martalik subsidiya ajratildi.
4. “Xavfsiz taʼlim muassasasi” tamoyili asosida voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yoʻnalishida:
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 2 000 nafar voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etilib, ular tomonidan har bir oʻquvchi kesimida maxsus profilaktik tadbirlar oʻtkazildi:
– 80 274 nafar oʻquvchilarining xonadonlaridagi yashash sharoiti oʻrganildi;
– 79 695 nafarining ota-onasi bilan suhbatlar oʻtkazildi;
– 32 042 nafar bolalarning tarbiyalash, ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatni bajarmagan ota-onasi (MJtKning 47-m) maʼmuriy javobgarlikka tortildi;
– 81 439 nafari bilan bevosita suhbatlar olib borildi.
Inspektor-psixologlar tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida toʻgʻri yoʻlga oʻtganligi uchun 36 565 nafar (61,8%) tarbiyasi ogʻir oʻquvchilar nazoratdan chiqarilib, 22 603 nafar (38,2 %) voyaga yetmaganlar bilan hozirgi kunda ham profilaktik ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, taʼlim muassasalarida “Tigʻ” maxsus tadbirlari doirasida 9 204 ta reydlar amalga oshirilib, voyaga yetmaganlar tomonidan sovuq qurol olib yurishiga chek qoʻyish choralari koʻrildi:
– oʻquvchilarda 207 ta inson hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan buyumlar aniqlanib, 433 nafar voyaga yetmaganlar va ularning tarbiyasiga masʼul shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrildi;
– 12 686 nafar oʻquvchilarining uyali telefonlari tegishli tartibda oʻrganilib, 471 ta salbiy holatlar voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyalarda muhokama qilindi hamda uyali telefondan toʻgʻri foydalanishiga qaratilgan 12 393 ta tushuntirish ishlari olib borildi.
5. Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi ijrosini taʼminlash yoʻnalishida:
Respublikaning har bir hududida Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining ijrosini manzilli taʼminlash maqsadida “sohabay” chora-tadbirlar amalga oshirildi:
– Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha Ichki ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralarning 123 nafar malakali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi faoliyati doimiy asosda yoʻlga qoʻyilib, 4 ta qonun, 2 ta Prezident qarori, 11 ta Hukumat qarori, 7 ta qoʻshma qaror, 4 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi;
– har bir tuman va shaharda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasining mazmun-mohiyatini yetkazish boʻyicha hududiy prokuratura idoralari bilan maxsus seminar-trening mashgʻulotlari oʻtkazildi;
– jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlinmalarining jangovar tayyorgarlik holatini taʼminlash borasida 538 marotaba maxsus taktik (439 tasi) va qoʻmondonlik shtab (99 tasi) mashgʻulotlari oʻtkazildi;
– har kuni 3 939 nafar xodimlar 2 225 ta piyoda va 1 705 ta avtopatrul yoʻnalishlariga xizmatga jalb etilib, shubha uygʻotgan 1 635 560 nafar shaxslar ichki ishlar organlariga keltirilib, jamoat joyida sodir etilgan 651 596 ta huquqbuzarliklar aniqlandi;
– tezlik meʼyorlariga rioya etilmaslik holatlarini aniqlash maqsadida “onlayn” rejimda ishlovchi 448 ta mobil fotoradarlar oʻrnatildi, yoʻl-patrul xizmati xodimlari 4 076 ta bodikameralar, 3 514 ta qoidabuzarliklarni rasmiylashtiruvchi planshetlar bilan taʼminlandi;
– respublika avtomobil yoʻllarida 3,6 mlndan ortiq yoʻl harakati qoidabuzarliklari aniqlandi;
– respublika miqyosida 46 mln 694 mingdan ortiq fuqarolar ishtirokida 107 894 marotaba oʻtkazilgan ommaviy-madaniy tadbirlar davomida jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi toʻliq taʼminlandi.
Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish tadbirlari
2022-yil 11-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar asosida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida islohotlarning yangi bosqichi boshlandi.
Bu borada Respublika ishchi guruhi tashkil etilib, sohadagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4 ta qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 6 ta qarori qabul qilindi.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini taʼminlash, harakatni tashkil etish va boshqarish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:
– Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida barcha svetoforlar va yoʻl belgilarini oʻrnatish hamda yoʻl chiziqlari chizish masʼuliyati bevosita IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati zimmasiga yuklatilib, uning huzurida “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi tashkil etildi;
– Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi chorrahalarni toʻliq raqamli boshqaruv tizimiga oʻtkazish vazifasi hokimlar zimmasiga yuklandi:
– Bosh vazir rahbarligida Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash respublika maxsus komissiyasi, hokimlar rahbarligida esa hududiy maxsus komissiyalar tuzilib, ularning tarkibi va nizomi tasdiqlandi;
– 2022-yil 1-iyuldan boshlab, barcha tuman (shahar)lar kesimida “Xavfsiz yoʻl” indeksini yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, indikatorlar tasdiqlandi. Maxsus komissiyalar har chorakda hududlarda yoʻl harakatini samarali tashkil etish holatini 29 ta indikator boʻyicha baholab boradi;
– 2022-yil 1-iyuldan boshlab yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini oʻzgartirish uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilindi hamda yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini oʻzgartirishga ruxsatnoma uchun toʻlov miqdori kamaytirilib, bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari etib belgilandi;
– 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab, ishlab chiqarilganiga oʻn yilgacha boʻlgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomototransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
– 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi joriy etiladi;
– “Yoʻl harakati qoidalari” yangi tahrirda qabul qilindi;
– Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining hududiy boshqarmalarida umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda xizmat olib boradigan katta inspektor lavozimi joriy etildi hamda taʼlim muassasalarida koʻngilli yoshlar ishtirokida yoʻl harakati qoidalarini faol targʻib qiluvchi «Yoʻl harakati qoidalari yosh targʻibotchisi» klubi tashkil etildi;
– avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining reytingini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Taʼlim tashkilotlari faoliyatini reyting baholash yil yakunlari boʻyicha Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan inson omilisiz taʼlim tashkilotlariga doir maʼlumotlar asosida ularning reytingini hisoblashning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilishi va uning natijalari jamoatchilikka eʼlon qilinishi belgilandi;
– yoʻl-patrul xizmati statsionar postlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali ushbu maskanlarda inson omilini cheklagan holda transport vositalarining toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlash boʻyicha «Yashil» va «Qizil» yoʻlak tizimini bosqichma-bosqich joriy etish etilishi belgilandi;
– 2022-yil 1-dekabrdan boshlab qoidabuzarliklar uchun differensiyalashgan jarima ballarini hisoblab borish tizimi joriy etilib, bir yil ichida haydovchi 12 ball olsa boshqarish huquqidan mahrum etilishi belgilandi.
Ichki ishlar organlari faoliyatini raqamlashtirish
Ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli texnologiyalar va axborot tizimlarini joriy etish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi.
– “E-voyaga yetmaganlar” yagona axborot tizimi yaratilib, sinov tariqasida Toshkent viloyatidagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida joriy etildi;
– “E-inspektor», “E-hisobot», “Profilaktika inspektori faoliyatini baholash tizimi” va «Ye-huquq-tartibot» kabi jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda foydalanish uchun bir qator axborot tizimlarini yaratish yuzasidan Texnik topshiriq loyihalari ishlab chiqilib, tasdiqlandi;
– «Oʻzbekiston Respublikasi IIV Probatsiya xizmatining real vaqt rejimida ozodlikni cheklash jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarni masofadan turgan holda nazorat qilish tizimi» texnik topshirigʻi loyihasi tasdiqlandi va hozirda ishlab chiqilgan axborot tizimi Vazirlik tomonidan yaratilgan Yagona boshqaruv platformasiga integratsiya qilindi;
– «Oilaviy zoʻravonliklar toʻgʻrisidagi xabarlar” yuzasidan telegramm-bot orqali arizalar qabul qilinishi yoʻlga qoʻyildi;
– “Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar” axborot tizimi yaratilib, himoya orderini berish mexanizmlari raqamlashtirildi va xotin-qizlarga himoya orderi berilishini elektron nazorat qilish amaliyoti joriy etildi;
– “Maishiy zoʻravonlik” va “Profilaktika inspektori murojaati”ni qabul qilish boʻyicha aloqa markazi tashkil etilib, roʻyxatga olish va nazorat qilish boʻyicha veb-platformalar joriy qilindi;
– transport va turizm obyektlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Situatsion-tahliliy markaz tashkil etilib, jami 1 948 dona videokuzatuv kameralari integratsiya qilinishi taʼminlandi.
Aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish
– Davlat xizmatlarini koʻrsatish markazlari orqali fuqarolarga 238 189 ta haydovchilik guvohnomalari rasmiylashtirilib, 45,4 mlrd soʻmdan ortiq pul mablagʻlari tushirildi;
– Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga 554 ming 369 ta ID-kartalar rasmiylashtirilib berildi, 396 nafar (2016-yildan beri jami 23 411 nafar) fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi;
– respublikamizga tashrif buyurgan 201 ming 572 nafardan ortiq xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar vaqtinchalik qayddan oʻtdi va 2 176 nafaridan doimiy yashash uchun hujjatlar qabul qilindi;
– Toshkent shahriga 92 431 nafar va Toshkent viloyatiga 36 108 nafar fuqarolar doimiy, shuningdek, Toshkent shahriga 44 294 nafar va Toshkent viloyatiga 15 644 nafar shaxslar vaqtinchalik turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olindi;
– fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirish uchun 253 ta hujjatlarni yigʻish punktlari tashkil etilgan boʻlib, ular tomonidan 1 mln 278 ming 339 ta talabnomalar shakllantirildi;
– joriy yilning birinchi yarmida 1 mln 222 ming 652 nafar fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirildi;
– avtomashinalarning davlat raqam belgilarini auksion orqali sotish orqali 76 179 ta davlat belgilari sotilib, 170,4 mlrd soʻmdan ortiq pul mablagʻlarining tushishi taʼminlandi.
Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ishlar
2022-yilning 6 oyi davomida ichki ishlar organlari xodimlari uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida quyidagi ishlar amalga oshirildi, xususan:
– 3 412 nafar xodimlarga ijarada yashaganliklari uchun pul kompensatsiyalari toʻlab berilishi yoʻlga qoʻyildi;
– 379 nafar yashash sharoitini yaxshilashga muhtoj xodimlarga uy-joy sotib olish, taʼmirlash, uy-joy qurish, qurilish mollari sotib olish uchun foizsiz qarz ajratildi;
– ipoteka krediti asosida 280 nafar xodimlarga xonadonlar berildi;
– 52 nafar turli darajadagi tan jarohati olgan va halok boʻlgan xodimlarning 34 nafariga nisbatan bir martalik nafaqa pullari toʻlandi;
– ijtimoiy himoya qilish masalalari boʻyicha vazirlikning markaziy va hududiy komissiyalari tomonidan 946 nafar ehtiyojmand xodimlarga pul mablagʻlari berilishi boʻyicha qaror qabul qilindi;
– ishchi ishlar organlarining amaldagi 1 917 nafar xodim va harbiy xizmatchilarining 1 998 nafar farzandlariga ajratilgan besh foizlik kvota doirasida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga tanlov asosida oʻqishga kirish uchun Ichki ishlar vazirining tavsiyanomalari berildi.
Shu kabi, 519 nafar xodimlarning 537 nafar farzandlariga ajratilgan besh foizlik kvota doirasida Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga dastlabki va kasbiy tanlov natijalari asosida qabul qilish uchun Ichki ishlar vazirining taqdimnomalari berildi;
– yuqori natijalarga erishgan 20 nafar xodimlar davlat mukofotlari bilan, 1 692 nafar xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan taqdirlandi;
– ish samaradorligini oshirish maqsadida 109 nafar rahbar xodimlar boshqa lavozimlarga rotatsiya qilindi, 7 473 nafar xodimlar attestatsiyadan oʻtkazildi;
– xizmat faoliyatida kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi uchun 91 nafar rahbar xodimlar lavozimidan ozod etilib, oʻrniga tashabbuskor yangi rahbarlar tayinlandi;
– shaxsiy tarkib bilan 514 marotaba targʻibot-tashviqot ishlari, 8 700 marotaba yakka tartibdagi konsultativ suhbatlar oʻtkazildi;
– xodimlarga 87 ta holatda pora berish jinoyatlari boʻyicha tadbirlar oʻtkazilib, xizmat vazifasiga vijdonan yondashgan xodimlarga 257,5 mln soʻm pul mablagʻlari berildi;
– 20 798 nafar ichki ishlar organlari xodimlari turli modullar va oʻz yoʻnalishlari boʻyicha malaka oshirish dasturlari asosida oʻqitildi;
– uzluksiz “oʻquv-karyera tizimi” boʻyicha 3 306 nafar xodimlar oʻqitilib, shulardan 3 108 nafariga tegishli namunadagi sertifikatlar topshirildi;
– tizimdagi 43 357 nafar xodimlarni jalb etgan holda 1 881 ta (479 tasi yakka kurash turlari boʻyicha) sport musobaqalari oʻtkazildi;
– sport turlari boʻyicha 1 222 nafar xodimlar gʻoliblik sovrinlariga ega boʻlganligi uchun moddiy ragʻbatlantirildi;
– oʻq otish bazalarida 46 005 nafar xodimlar bilan jami 620 marotaba amaliy oʻq otish mashgʻulotlari oʻtkazildi.
2022-yil 6 oyida sodir etilgan jinoyatlarning tahlili
2022-yilning 6 oyida respublikada boʻyicha jami 46 529 ta jinoyat qayd etilgan boʻlib, bu har 100 ming aholiga nisbatan oʻrtacha 131 tani tashkil etadi.
Jinoyatlarni tergov qilish davomida 17 999 ta jinoyatlar avvalgi yillarda sodir etilganligi aniqlanib, 2022-yilda hisobga qoʻyildi.
Shuningdek, qayd etilgan jinoyatlarning deyarli yarmi (jami 46 529 tadan 19 099 ta, 41 %), xodimlarning tashabbusi bilan aniqlangan va bu amaliyot oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 23,7 foizga (15 434 tadan 19 099 taga) yaxshilandi.
Umumiy jinoyatlarning har uchinchisini (46 529 tadan 15 669 ta, 33,7 %) firibgarlik va oʻgʻrilik tashkil etgan.
Firibgarlik jinoyatlarining 821 tasi ishga va oʻqishga kiritib qoʻyish, 765 tasi uy-joy va kredit olib berish, 643 tasi qarz oldi-berdisi, 401 tasi avtomashina olib berish, 68 tasi plactik kartochkadagi pullarni naqdlashtirib berish maqsadida aldab sodir etilgan.
Shuningdek, oʻgʻriliklarning 1 441 tasi xonadon, 1 363 tasi telefon, 388 tasi velosiped, 411 tasi hayvon oʻgʻriliklarini, 260 tasi kissavurlikni tashkil etgan.
Sodir etilgan 183 ta qotillik jinoyatlarining:
– 80 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida, shundan 38 tasi oʻzaro kelishmovchilik, 13 tasi rashk tufayli, 8 tasi mol-mulk talashish, 3 tasi oʻch olish va 18 tasi boshqa sabablarga koʻra sodir etilgan;
– 31 tasi eri tomonidan xotiniga, 7 tasi xotini tomonidan eriga, 12 tasi akasi yoki ukasiga, 3 tasi qoʻshnisiga va 27 tasi qarindoshiga nisbatan sodir etilgan.
Bundan tashqari, jami qayd etilgan 3 363 ta tan jarohati yetkazish jinoyatlarning:
– 687 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida;
– 460 tasi oʻzaro kelishmovchilik, 45 tasi rashk tufayli, 36 tasi mol-mulk talashish, 9 tasi oʻch olish va 137 tasi boshqa sabablarga koʻra sodir etilgan.
Respublikadagi barcha 9 349 ta mahallalarning yarmisida (4 951 tasida, 53%) jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Shuningdek, 3 119 ta mahallada har 10 ming aholi soniga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar soni tuman-shahar koʻrsatkichidan yuqoriligicha qayd etilib, ular “qizil” toifaga kiritilgan hamda jinoyatlar sodir etilgan yana 1 279 ta mahallalar “sariq” toifaga ajratildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasida rejalashtirilgan ishlar
1) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda aholi osoyishtaligi hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha oʻtkazilgan kompleks oʻrganishlar davomida har bir tuman-shahar kesimida jinoyatchilikni jilovlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida belgilangan vazifalarning ijrosini kompleks monitoring qilish.
2) Jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash borasida ilmiy nuqtai-nazardan asoslantirilgan yangi uslub va usullarni amaliyotga joriy etgan holda har bir hududda kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarni «xonadonbay» va «fuqarobay» usulida amalga oshirish. Bu borada:
– “qizil” toifadagi mahallalarga biriktirilgan sektor rahbarlari va masʼullar (hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va boshqalar) tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan manzilli profilaktik tadbirlarni oʻtkazish;
– doimiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan shaxslarning roʻyxatini shakllantirilgan holda ularni “Huquqiy eʼtibordagi shaxslar reyestri”ga kiritish orqali huquqbuzarliklarning psixologik va ijtimoiy profilaktikasini tashkil etish;
– probatsiya hisobidagi mahkumlar, aliment toʻlovchi va ishsiz fuqarolarni mehnat bozorida yuqori ehtiyojga ega boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali ularni doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlash va daromad manbaini yaratish choralari koʻrilishini tashkillashtirish;
– narkologiya sohasini rivojlantirish borasida belgilab olingan kompleks chora-tadbirlar ijrosining toʻliq taʼminlanishini tashkil etish orqali ichkilikka ruju qoʻygan, giyohvandlikka chalingan va ruhiy kasallarni majburiy davolatish ishlarini kuchaytirish.
Bunda, jamoat joylarida oʻtkir mast holatida boʻlib, atrofidagilarga xavf uygʻotuvchi shaxslarga tumanlararo tibbiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash;
– mahallada xavfsiz muhitni yaratishda profilaktika inspektoriga koʻmaklashuvchi “Faol nuroniylar” jamoatchilik guruhlari faoliyati har bir mahallada yoʻlga qoʻyish;
– profilaktika inspektori lavozimidan pensiyaga chiqqan tajribali mutaxassislarni yosh profilaktika inspektorlariga jamoatchilik asosida maslahatchi sifatida biriktirish choralarini koʻrish.
3) Respublika hududida oʻtkazilishi rejalashtirilgan yirik ommaviy-siyosiy tadbirlar davomida jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarni amalga oshirish.
4) Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini taʼminlash borasida har bir hudud kesimida yoʻllar infratuzilmasini yaxshilash, harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish, haydovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha “Xavfsiz va ravon yoʻl” konsepsiyasi bilan belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini toʻliq taʼminlash.
5) Ichki ishlar vazirligining Situatsion-tahliliy markazi platformasiga davlat organlarining axborot bazalarini integratsiya qilish, axborot texnologiyalarini ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga keng tatbiq etish va raqamlashtirish darajasini oshirish choralarini koʻrish.
Xususan, jinoyatchilikni jilovlash, jamoat tartibini saqlash va turistlar xavfsizligini taʼminlash sohasiga raqamli tahlil va situatsion boshqaruv tizimlarini respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish, sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, jinoyatlar hamda kriminogen vaziyatni sunʼiy intellekt yordamida «mahallabay» situatsion tahlil qilish va prognozlash tizimini yaratish va hokazo.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV