11 Avgust 2022 1225

Ichki ishlar organlarining havaskor jamoalari oʻrtasida “Sanʼatda havaskor isteʼdodlar” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi

Koʻrik-tanlovga tayyorgarlik jarayonlari joriy yil 25-avgust kuni IIV Madaniyat saroyida boshlanadi. 26-avgust kuni tanlovda ishtirok etadigan jamoalarning chiqishlari hakamlar hayʼati tomonidan baholanadi. 27-avgust kuni Vazirlik rahbariyati tomonidan gʻolib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, barcha ishtirokchi jamoalarni joriy yilning 25-avgust kuni Toshkent shahriga Vazirlik Madaniyat saroyiga yetib kelishlari talab etiladi.

Tanlovning asosiy shartlari:

1Tanishtiruv sharti – jamoalarning oʻzini tanishtirish xarakteriga ega boʻlgan koʻrinishlar, hazil-mutoyiba, kuy-qoʻshiq, raqs va boshqa satirik-yumoristik sahna koʻrinishlari uygʻunlashgan chiqishi.

Ushbu shartda chiqish mazmunan jamoalar nomi, xizmat joyi yoki oʻzlari yashaydigan hudud tabiati, odamlari hayoti, oʻy-kechinmalari, xodimlar orasida uchrab turadigan salbiy illatlarni yumor orqali tanqid qilish, jamoaning boshqa oʻziga xos xususiyatlari haqida maʼlumotlar, lavhalar keltirish tartibida boʻladi.

Mazkur shartda jamoalar chiqishi uchun 10 daqiqa vaqt ajratiladi.

Bunda jamoalar chiqishlarining mazmuni, hazil-mutoyibaga boyligi, quvnoqligi, rang-barangligi, kuy-qoʻshiq, raqs ijrosi, ishtirokchilar mahorati baholanadi. Tanishuv sharti 10 ballik mezonda baholanadi.

2Qoʻshiqchilik shartida – jamoa aʼzolari maqom, baxshichilik va estrada yoʻnalishlarida yakka yoki jamoaviy tarkibda qoʻshiq ijro etishlari va ushbu qoʻshiqqa oʻz ijodkorligi asosida alohida klip yoki rolik namoyish etishlari lozim boʻladi.

Mazkur shartda namoyish etiladigan klip yoki rolikning qoʻshiq bilan uygʻun holatda ijro etilishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, klip yoki rolikda jamoa aʼzolaridan boshqalar rol ijro etishiga ruxsat etilmaydi.

Ushbu shartda jamoalar tomonidan namoyish etilgan klip yoki rolikning mazmuni, hayotiyligi, hazil-mutoyibaga boyligi, badiiy saviyasi, quvnoqligi, rang-barangligi, ishtirokchilarning aktyorlik mahorati, tanlangan gʻoyaning originalligi kabi xususiyatlar baholanadi. Shart 10 ballik mezonda baholanadi.

3Erkin mavzu sharti – musiqalar, qoʻshiqlar, sheʼrlar, taniqli sanʼatkorlar qoʻshiqlariga oʻxshatmalardan keng foydalangan holda, hayotda uchraydigan turli-xil qiziq voqeliklar, illatlar, kamchiliklar kulgu ostiga olingan teatrlashtirilgan lavhalar (koʻrinishlar)dan iborat chiqish.

Ushbu shart ijrosi uchun jamoalarga 10 daqiqa vaqt ajratiladi.

Taniqli sanʼatkorlar qoʻshiqlariga oʻxshatmalar qilingan taqdirda, qoʻshiq soʻzlari jamoalar tomonidan yozilishi va ijro etilishi talab etiladi. Sanʼatkorlarni kamsitishga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.

Ushbu shartda jamoalar chiqishlarining mazmuni, hayotiyligi, dolzarbligi, hazil-mutoyibaga boyligi, musiqa-qoʻshiqlardan samarali foydalanilgani, quvnoqligi, rang-barangligi, ishtirokchilar mahorati baholanadi. Shart 10 ballik mezonda baholanadi.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага