8 Oktabr 2022 1109

Ibratga loyiq xodim

Katta leytenant Firdavs Rahmatovning viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi jamoat tartibini saqlash guruhi inspektori lavozimida xizmat qilayotganiga ikki yildan oshdi. U oʻtgan ikki yil davomida Buxoro shahridagi tarixiy qadamjolarda xizmat olib borish bilan birga, xorijiy hamda mahalliy sayyohlarning qoldirib ketgan buyumlarini topib berishda, murojaatlarini oʻz vaqtida hal qilishda jonbozlik koʻrsatyapti. Shu bois boshqarmaga ham uning faoliyatidan mamnun boʻlayotgan oʻnlab sayyohlarning minnatdorlik xatlari kelgan. Ularning ayrimlarini eʼtiboringizga havola etamiz.

“Toshkent viloyatidan koʻhna va navqiron Buxoroni ziyorat qilish uchun oila aʼzolarim bilan borgan edim. Sayohat mobaynida ehtiyotsizligim oqibatida hamyonim va telefonimni yoʻqotib qoʻygandim. Shu hududda xizmat olib borayotgan katta leytenant Firdavs Rahmatovga uchrashdim. U darrov koʻrsatilgan manzil sari harakatlanib, buyumlarimning topilishiga yordamlashdi... Qisqasi, Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlab kelayotgan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlariga, ayniqsa, katta leytenant F. Rahmatovga oʻz minnatdorligimni bildiraman”, — deydi Habiba Shermatova.

Bayram bahona fursat topib, Buxoroga safar qildik. 9-may kuni erta bilan odam kamligini moʻljallab saylgohga bordik. Ammo aksiga olib, bu yerda Afandi toʻgʻrisida film suratga olinayotgan, xorijlik qiz ajnabiy tilda haykal oldida maʼruza qilayotgan ekan. Sal narida esa quyosh ostida tirik eshak shampun bilan yuvilardi. Eshakning obdan yuvilayotganiga qaraganda, tasvir jarayoni kamida ikki-uch soatga choʻziladiganga oʻxshar, kutib turishga esa vaqtimiz yoʻq edi. Biroz kutib, haligi qiz maʼruzasini tugatishi bilanoq, shu yerda tomosha qilib turgan yigitga qoʻl telefonimni berdimda, suratga olib qoʻyishni iltimos qilib, haykalga yaqinlashdim. Yigitcha telefonni olib taraddudlangunga qadar tasvirchilar guruhi rahbari yonimizga yetib keldida, xalaqit bermaslikni, suratga tushishga keyinroq kelishimizni aytib, maydondan chiqishni talab qila boshladi.

Bu orada bizni kuzatib turgan inspektor yigit tasvirchilar guruhi rahbariga yuzlanib, suratga tushish koʻp vaqt olmasligini, mehmonlarning norozi boʻlib ketishi yaxshi emasligini aytdi. Haqiqatan ham, koʻp vaqtimiz ketmadi... Shu asnoda Prezidentimizning xalqni rozi qilish haqida koʻp bora taʼkidlashining zamirida masalaning shu jihatlari ham bor ekanligini, buni oddiy inspektor ham anglab yetganligini his qildim... Qaytayotganimizda esa yigitdan ism-sharifini soʻradim. U Buxoro viloyati IIB XTTB JTSG inspektori, katta leytenant Firdavs Rahmatov ekan.

Shu oʻrinda Firdavsga tarbiya bergan ota-onasi — Rahmatovlar oilasiga rahmatlar aytaman. Saflarini mana shunday xalqparvar, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, xalqni rozi qila oladigan yigitlar bilan toʻldirayotgan Buxoro viloyati IIB rahbariyatiga ham oʻz minnatdorligimni bildiraman», deb yozgan xorazmlik Mirzabek Japaqov.

Mirzoqul AHADOV, “Postda” muxbiri. Buxoro viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага