28 Iyul 2020 6279

“Himoya orderi” haqida bilasizmi?

“Himoya orderi – tazyiq va zo'ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o'tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo'ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ushbu Qonunda belgilangan ta'sir ko'rsatish choralari qo'llanilishiga sabab bo'ladigan hujjat”.

(O'zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi Qonunidan)

“Himoya orderi” tazyiq va zo'ravonlik qurboni bo'lgan jabrdiyda xotin-qizlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan beriladi. Turmush o'rtog'i, sevgan yigiti, qaynota-qaynonasi, qaynsingillari, qo'ni-qo'shni, ish joyida bo'lsa, rahbari va boshqalar tomonidan jismoniy yoki ruhiy zo'ravonlik qurboniga aylangan ayollar mazkur order asosida qonuniy tarzda muhofaza qilinadi.

Zimmamdagi vazifa va mas'uliyatdan kelib chiqqan holda joriy yilning o'tgan etti oyi davomida bo'limimizga qarashli mahallalarda istiqomat qilayotgan, tazyiq va zo'ravonlik qurbonlariga aylangan xotin-qizlarning 30 nafariga shaxsan “Himoya orderi” berishni ma'qul topdim. SHundan 19 ta holatda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda olib borilgan tushuntirish ishlari sabab oilalar yarashtirildi. Afsuski, 9 tasida bunday sa'y-harakatlarimiz zoe ketdi va oilalar ajrimi qayd etildi. YAna 2 ta holatda oilalarning ajrim yoqasiga kelib qolgani tufayli taraflarning fuqarolik sudiga ariza bergani ma'lum.

Tazyiq va zo'ravonlik o'tkazganlarning 11 nafari tegishli tartibda ma'muriy javobgarlikka tortildi. Ruhiy zarbaga uchrab kelgan jabrdiydalarga psixologik yordam ko'rsatildi, zo'ravon tomonidan tan jarohati olgan zaifalarga bepul tibbiy yordam ko'rsatildi. Zo'ravonlarga turli cheklovlar belgilandi.

Biroq, tabiiyki, etkazilgan barcha turdagi zararlar bular bilangina unutilib yoki tuzalib qolmaydi. Ushbu jarayonda, eng yomoni, er va xotin, qarindosh-urug', qaynana yoki qaynota va kelin, yoxud oilaning boshqa a'zolari o'rtasidagi munosabatlarga darz ketadi. Ko'ngillar vayron bo'ladi. Parchalangan qalb esa zinhor avvalgi holatiga qaytmaydi.

YAqinda Zulfiya nomli mahalla fuqarolar yig'inida istiqomat qiluvchi 1996 yilda tug'ilgan fuqaro A.D. SHahar 5-Ichki ishlar bo'limiga turmush o'rtog'i ustidan shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Surishtiruvlar natijasida ilgari bir necha bor sudlangan, hozirda hech qaerda ishlamaydigan er spirtli ichimliklar iste'mol qilgan holda ayolini urib, haqoratlab, ikki nafar farzandi bilan birga uni uyidan bir necha bor quvgani ma'lum bo'ldi. SHuningdek, ojizaga doimiy ravishda tazyiq va zo'ravonlik o'tkazib kelgan. Vaziyat yanada chigallashmasligini, yomon oqibatlarning oldini olish maqsadida profilaktika inspektori J.SHahriddinov tomonidan ayolga “Himoya orderi” berildi. Nazorati mahalla raisining oila va xotin-qizlar masalalari bo'yicha o'rinbosari R.Karimovaga topshirildi.

"SHodlik" MFYda yashovchi fuqaro 1962 yilda tug'ilgan H.G. tomonidan bo'lgan murojaatda onaxon o'g'li tomonidan tazyiq va zo'ravonlikka uchragani aytiladi. O'rganishlar oqibatida ona-bola o'rtasida uy-joy masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgani, o'g'ilning onasini haqoratlab, unga tan jarohati etkazgani va ruhiy tazyiq o'tkazib kelgani ma'lum bo'ldi. Tegishli tartibda va mutasaddi hamkorlar ko'magida tushuntirish ishlari olib borilib, profilaktika inspektori Z.Baxranov tomonidan ayolga “Himoya orderi” berildi. Mahalla fuqarolar yig'ini raisining o'rinbosari YA.ermatova mazkur oilada sog'lom muhitni ta'minlashga mas'ul etib tayinlandi.

SHuningdek, ushbu mahalla fuqarosi 1995 yilda tug'ilgan D.YU. qaynsinglisi tomonidan, Al-Buxoriy nomli MFYda yashovchi M.B. qizi YU.B. tomonidan, "YUlduz" MFYda yashovchi fuqaro O.M. turmush o'rtog'i tomonidan tazyiq va zo'ravonlikka uchragani aniqlandi. Jarayonlar to'liq o'rganilib, tegishli tartibda jabrdiydalar qonun himoyasiga olindi. 

Nargiza BAYDULLAEVA, Samarqand shahri bo'yicha IIO FMB shahar 5-son IIB katta inspektori

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага