Hamkor tashkilotlar bilan yoʻl xaritasi tuzib olindi
Shahrisabz shahrida “Mamlakatimizga xorijiy sayyohlarni jalb qilish uchun 2022-yilda hukumat tomonidan belgilangan chora-tadbirlar” mavzusida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi va hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda turizm salohiyatini yuksaltirish va sohani rivojlantirish borasida chiqarilgan farmon va qarorlar asosida xorijiy va mahalliy turistlar uchun xavfsiz turizmni taʼminlashga, alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy 2022-yilda ham turizm boʻyicha qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi yuzasidan amaliy ishlar hamda fuqarolarga va xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari xodimlariga tushuntirish va targʻibot ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni dunyoning bir qancha davlat fuqarolarini mamlakatimizga maʼlum muddatga vizasiz kirishiga hamda bir qancha davlat fuqarolarini elektron kirish vizasini olishlariga imkon yaratdi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda turistlar oqimi koʻpayishi xavfsiz turizmni taʼminlash sohasidagi ishlarni takomillashtirishni talab etmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2019-yil 6-martdagi “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlmoqda. Shu bilan birga ushbu qaror asosida bu sohada qator yangiliklar joriy etilmoqda.
Soʻnggi yillarda turizm sohasi iqtisodiyotning real sektoriga aylanib borayotgan bir paytda yurtimizda xavfsiz turizmni taʼminlash eng muhim ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati