21 Mart 2022 982

Faxr va sadoqat bilan

Olis Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanida tugʻilib voyaga yetgan Abdurahmon maktabni tamomlab, muddatli harbiy xizmatga yoʻl oldi. Yigitlik burchini Jizzax viloyatidagi harbiy qismda oʻtab qaytgach, biroz muddat dala ishlarida otasiga koʻmaklashdi.

Ota-onasining duosini olib, xalq tinchligi yoʻlida astoydil xizmat qilish uchun IIV Qorovul qoʻshinlariga qarashli Qarshi shahrida joylashgan 7533-harbiy qismga hujjat topshirgan A.Boymurodov kontrakt asosidagi ilk xizmat faoliyatini 2008-yilda mazkur harbiy qism nazoratchisi lavozimida boshladi.

Ustozlari serjant Ikrom Erqulov va kichik serjant Mutal Boybekovdan soha sir-asrorlarini oʻrgandi.

Oddiy askar A.Boymurodov uddaburonligi va berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishi natijasida rahbariyat tomonidan seksiya komandiri lavozimiga oʻtkazildi. 

Endigina xizmatga kelgan yoshlarga kasb sirlarini oʻrgatib, ustoz-murabbiylik anʼanalariga ham oʻz hissasini qoʻshib keldi.

Harbiylik kishidan qatʼiy tartib-intizomga rioya etishni talab qiladi, - deydi biz bilan suhbatda oddiy askar A.Boymurodov. - Shu boisdan zimmamdagi masʼuliyatni chuqur his etib, vazifamni sidqidildan bajarishga intilaman.

Qariyb 15 yildan buyon kasbini ardoqlab kelayotgan Abdurahmon Boymurodov jismoniy, jangovar va kasbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarida hamisha faol.

Sodiq Rahimov, “Postda” muxbiri. Qashqadaryo viloyati.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага