Farg‘ona viloyati IIB Probatsiya boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyida ko‘plab profilaktik tadbirlar amalga oshirildi
Ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarning jazolari o‘tashini tashkil etish, shartli hukm qilinganlar ustidan nazoratni amalga oshirish Farg‘ona viloyati IIB Probatsiya boshqarmasi xodimlari tizimli ishlarni amalga oshirmoqdalar.
Jumladan, nazoratdagi shaxslar tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilishining oldini olish va ularning xulqi ustidan nazoratni amalga oshirish, ijtimoiy hayotga moslashtirish maqsadida Farg‘ona viloyati hokimligi, viloyat prokuraturasi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi, ichki ishlar boshqarmasi, bandlik bosh boshqarmasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda qo‘shma qaror ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
O‘tgan davrda tayinlangan jazoni o‘tash tartib qoidalariga to‘liq rioya qilgan 2.407 nafar nazoratdagi shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi.
Nazorat ostidagilardan 3.163 nafarining ishga joylashishida, 985 nafarining sog‘lig‘ini tiklashida, 980 nafarining moddiy yordam olishida, 22 nafarining o‘qishga kirishida, 10 nafarining isteʼmol kreditlari olishida, 771 nafariga maishiy masalalarda, 1.333 nafariga boshqa masalalarda amaliy jihatdan yordam ko‘rsatildi.
O‘tgan davr mobaynida probatsiya xizmatining bevosita tashabbusi bilan 111 marotaba mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Bu yarmarkalarda probatsiya nazoratida turgan 1.936 nafar shaxslar ishtirok etib, 605 nafarining bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, mehnat yarmarkalari orqali nazoratdagi shaxslarning 21 nafar oila aʼzolari ham ishli bo‘ldilar.
Shuningdek, 10 oy davomida 198 marotaba sayyor sudlar tashkil etilib, 320 ta jazo turini boshqa jazoga almashtirish va 1.614 ta jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish masalalarida taqdimnomalar kiritildi. Taqdimnomalarning 1.899 tasi qanoatlantirildi.
Muayyan kasbga ega bo‘lmagan 54 nafar nazoratdagi shaxslar qayta kasb bo‘yicha o‘quv kurslariga yo‘naltirildi.
Mahallalarda, korxona-tashkilotlarda, taʼlim muassasalarida huquqiy targ‘ibot tadbirlari, uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazildi.
Bu kabi amaliy chora-tadbirlarning barchasi probatsiya hisobida turgan shaxslarni qayta tarbiyalashga, ular o‘rtasida takroran jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga xizmat qildi.
Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati