Faol yoshlar ragʻbatlantirildi
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida yosh xodimlar va kursantlar ishtirokida tadbir boʻlib oʻtdi.
Bugun yurtimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning kelajak taqdiriga yuksak darajada eʼtibor qaratilyapti. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, jamiyatda munosib oʻrin egallashi, oʻz salohiyati va iqtidorini roʻyobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Akademiya rahbari mamlakatimizning hal qiluvchi kuchiga aylanayotgan yoshlarni muborakbod etarkan, bu boradagi davlat siyosatining ezgu samaralari barcha sohalar qatori, ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda ham yaqqol namoyon boʻlayotganini alohida eʼtirof etdi.
– Davlatimiz rahbari “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur”, deb taʼkidlagan edilar. Yoshlarimiz bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikka javoban oʻz salohiyat va intilishlari bilan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishlari lozim, – dedi Akademiya boshligʻi.
Tadbir soʻnggida sharafli kasb yoʻlida xizmat qilayotgan bir guruh yosh xodimlar faol tashabbus va yutuqlari uchun Akademiya rahbariyati tomonidan pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati