Eʼtibordan yashnagan nurli maskan
Marg‘ilon shahar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan «2-Nurli maskan» maxsus maktabining Beshariq bo‘limi davlatimiz eʼtibori va homiy tashkilotlar ko‘magi tufayli obod va fayzli go‘shaga aylanib bormoqda.
- Maktab 2008 yilda Ko‘zi ojizlar jamiyati Beshariq tuman bo‘limi qoshida tashkil etilgan edi, - deydi jamiyatning hozirgi kundagi raisi, xalq taʼlimi aʼlochisi Sarvinoz Oblaqulova. -O‘shanda Beshariq shahri Sirdaryo ko‘chasi 12-uyda joylashgan Suv xo‘jaligiga qarashli bo‘sh bino hokimlik ruxsati bilan ajratib berilgan. Yildan-yilga o‘quvchilar soni ko‘payib, 2010 yilda 2 ta sinf shakllandi va o‘quvchilar 20 nafardan oshdi.
Maktabda 2014 yilda kar va zaif eshituvchi o‘quvchilar sinfi ham ochilgan. 2020 yilga kelib esa shu yo‘nalishdagi sinflar soni 3 taga, o‘quvchilar esa 60 nafarga yetdi. Hozirgi kunda bu yerda 10 nafar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, 26 nafar kar va zaif eshituvchi bolalar taʼlim olmoqda.
Bo‘lim rahbarining aytishicha, o‘quvchilarga malakali tiflopedagog, surdopedagog o‘qituvchilar sidqidildan saboq berib kelishmoqda. O‘quvchilar orasidan esa ko‘plab iqtidorli yoshlar yetishib chiqdi. Masalan, ijodkor o‘quvchi Gulasal G‘ayratjonova o‘z sheʼrlari bilan turli ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Maktab bitiruvchilari orasida oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi ham ancha yuqori.
Yaqinda Prezident maslahatchisi boshchiligidagi respublika idoralararo ishchi guruhining o‘rganishidan so‘ng Qurilish vazirligi hamda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining amaliy ko‘magi bilan bino taʼmirlandi va yangi partalar, stol-stullar, o‘quv jihozlari, sport anjomlari hamda ko‘rgazmali vositalar yetkazib berildi.
- Bunday eʼtibor uchun ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ishchi-xodimlar va jamiyatning barcha aʼzolari nomidan Yurtboshimizga, bizni qo‘llab-quvvatlagan mutasaddi rahbarlarga minnatdorlik bildiraman, - deydi Sarvinoz Oblaqulova. -Bu g‘amxo‘rlikka javoban, o‘quvchilarimizga sifatli taʼlim berib,ularni ona Vatanimizga munosib, bilimli va komil insonlar qilib tarbiyalaymiz.
Abduvosit SIDIQOV, “Postda” muxbiri.
Farg‘ona viloyati.