12 Mart 2022 1340

El-yurt ardogʻi - ulugʻ baxt

Polkovnik Aziza Rustamovna bir qarashda oddiygina, soddagina koʻrinadi. Gaplashganingizda esa xushfeʼlligi, samimiy muomalasi oʻziga ohanrabodek tortadi. U ana shu fazilatlari bois ham salkam 25 yildirki Ichki ishlar organlarida, 2008-yildan esa IIV Tibbiyot boshqarmasi “Oʻzbekiston” sanatoriyasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Aziza Moʻminova doim misqollab topgan obroʻsini, el-yurt hurmatini asrab-avaylaydi. Oq libosiga dogʻ tushirmaslikka intiladi.

Oʻz sohasining yetakchi mutaxassislaridan iborat jamoaning shakllanishida ham polkovnik Aziza Moʻminovaning alohida hissasi bor. Rahbar ayolning shijoati bilan bir parcha yer ham qaqrab qolmaydi, qurilish va taʼmirlash ishlaridan tortib, gulu gulzorga aylantirishda ham shaxsan oʻzi bosh-qosh boʻladi.

Polkovnik Aziza Moʻminovaning bu saʼy-harakatlari hech qachon rahbariyat eʼtiboridan chetda qolgan emas. Faoliyati davomida koʻp marotaba ragʻbatlantirilgan Aziza Rustamovna pandemiya davridagi fidoyiligi uchun Prezidentimiz farmoniga koʻra, II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan.

Endi uning mukofotlari yana bittaga koʻpaydi: Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Inson hamisha yaxshiliklar, xushxabarlar kutib yashaydi, ammo ochigʻini aytaman, oʻzimning bunday mukofot bilan taqdirlanishimni sirayam kutmagandim, haqiqiy bayram tuhfasi boʻldi. El-yurt ardogʻi - ulugʻ baxt, - deydi Aziza opa.

Bu kamtar ayolga kimlardir opa, kimlardir ustoz, kimlardir esa rasman Aziza Rustamovna deb murojaat qiladi. Lekin qanday murojaat etmasin, ularning koʻnglida Aziza opaga nisbatan iliqlik va cheksiz hurmat yotadi.

Aziza Rustamovna bilan birga ishlayotganimdan faxrlanaman, - deydi boshliq oʻrinbosari, podpolkovnik Sevara Zaynutdinova. - Jonkuyar, izlanuvchan, oʻta masʼuliyatli va talabchan.

Masalan, pandemiya sharoitida hammamiz ogʻir mehnat qildik. Biz bilan yonma-yon, yelkama-yelka ishladi, oylab uyiga ketmadi. U doim oʻziga topshirilgan vazifani qoyilmaqom qilib bajarib qoʻyib, faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar ham berib turdi.

Kezi kelganda aytish joizki, Aziza Moʻminova qoʻl ostidagi xodimlarning har birining oilaviy sharoitini oʻrganadi, muammolarini imkon qadar ijobiy hal etishga koʻmaklashadi.

Xodimlarga eng koʻp aytadigan nasihati ham, talabi ham bitta: «Sanatoriyaga dam olgani va davolangani kelganlarning duosini olinglar, albatta, buning rohatini koʻrasizlar», deydi.

Aziza Rustamovnani yana bir bor mukofot bilan tabriklar ekanmiz, ezgu ishlarini davom ettirishda aslo charchamasligini tilab qolamiz.

Adolat Fayziyeva, “Postda” muxbiri.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага