25 Iyun 2022 1057

Ekstremistik gʻoyalarni targʻib qilib kelgan shaxs qonun oldida javob berdi

1990-yilda tugʻilgan N.S. 2020-yilda Suriya va Turkiyada faoliyat yuritayotgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik guruhi aʼzolari bilan Internet tarmogʻi orqali aloqa oʻrnatib, ularning taʼsirida Turkiyaga borgan. 

Soʻngra, jangarilar safiga qoʻshilish maqsadida Suriya hududiga oʻtishga uringan vaqtida Turkiya chegarachilari tomonidan qoʻlga olingan va Oʻzbekistonga qaytarilgan edi.

Biroq, N.S. yashash manziliga qaytib kelganidan keyin ham jinoiy faoliyatini davom ettirib, Internet orqali «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilari bilan aloqani qayta tiklagan, ularning gʻoyalarini qoʻllab kelgan hamda oʻz yaqinlari orasida va ijtimoiy tarmoqlar orqali ekstremistik gʻoyalarni targʻiboti bilan shugʻullangan. 

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan fuqaro N.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 

Tergov jarayonida N.S.ga nisbatan insonparvarlik tamoyili asosida “Tilxat” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Biroq, N.S. bu safar ham oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarib olmasdan Suriyadagi hamfikrlari safiga qoʻshilish maqsadida Oʻzbekiston hududidan yashirincha chiqib ketishga uringan vaqtida huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olindi.

Bir necha marotaba imkon berilgan boʻlsada, toʻgʻri xulosa chiqara olmagan N.S.ga nisbatan sud hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hurmatli fuqarolar! Ogoh boʻling! Farzandlaringiz va yaqinlaringiz taqdiriga befarqlik ularni buzgʻunchi kuchlar qurboniga aylanishiga sabab boʻlishi mumkinligini unutmang.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага