Ekspert-kriminalist barmoq izidan jinoyatchini aniqladi
2023-yilning 9-yanvar kuni Andijon viloyati, Boʻston tumanida yashovchi fuqaro T.Z yashash xonadonida oʻgʻirlik sodir boʻlib, nomaʼlum shaxslar tomonidan 7.000.000 soʻm naqd pullari, 100 AQSH dollari hamda qiymati 4.000.000 soʻmlik tilla zanjirini yashirin ravishda oʻgʻirlab ketilganligini bildirgan.
Ushbu oʻgʻirlik holati yuzasidan Boʻston tumani IIB katta ekspert-kriminalisti tomonidan hodisa joyini koʻzdan kechirish mobaynida qoʻl barmoq izlari olinib, viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazining Avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimi bazasidan tekshirilganida ushbu qoʻl barmoq izlari, Boʻston tumanida roʻyxatda turuvchi Q.I ismli shaxs tomonidan qoldirilganligi aniqlandi.
Boʻston tumani IIB xodimlari tomonidan gumondor Q.I ismli shaxs ushlanib, jabrlanuvchi T.Zning yashash xonadonidan oʻgʻirlab olib ketilgan ashyoviy dalillar bayonnoma orqali olingan.
Hozirda jinoyatchiga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati