6 Iyun 2022 13590

Dadam - mening qahramonim

Tong otishi bilan qushlarning chug‘uridan uyg‘onib ketaman. Ular hovlimizdagi gilos, tut ko‘chatlarini o‘zlariga oshyon tutishgan. Bog‘imizni dadam yaratgan. Men esa unga doimiy ko‘makchiman. Ko‘chatlarga suv quyish, nihollar tagini yumshatish, gullarni parvarishlash sirlarini oilamiz tanyachi va suyanchidan o‘rganganman. Dadam - ichki ishlar organi xodimi, podpolkovnik Botir Xolmurodov xonadonimizni gullatib-yashnatgani uchungina emas, sharafli kasb egasi bo‘lgani uchun ham mening qahramonimdir. U uzoq yillardan buyon viloyatimiz ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qilib kelmoqda.

..Bir kuni bozor oralab ketar ekanmiz, bizga notanish inson duch keldi. U dadam bilan ko‘risharkan, negadir, o‘rtada biroz o‘ng‘aysizlik paydo bo‘ldi.

- Botir aka, bir oycha bo‘ldi, qamoqdan chiqdim. Hozir ishsizman. Oilam ham parokanda.

Bozorlik qilish rejasi kechroqqa surildi. Birgalashib yaqinroqdagi mahallaga yo‘l oldik. Dadam yo‘l-yo‘lakay hudud profilaktika inspektori, mahalla raisi va boshqa kimlargadir qo‘ng‘iroq qilib, bu kimsaning xonadoniga kelishlarini iltimos qildi.

So‘zlashuvlardan maʼlum bo‘ldiki, ushbu shaxs ikki yil oldin o‘g‘irlik jinoyati bilan qamalgan. Dadam jinoyatni fosh qilgan ekan. Qamokdaligida oilasi barbod bo‘la boshlabdi. Yo‘qchilikka chiday olmagan turmush o‘rtog‘i erini ayblabdi. Buning ustiga, mahallada bosh ko‘tara olmay qoldim, men endi o‘g‘ri er bilan yashay olmayman, deya erini uyga kiritmabdi.

Chog‘roqqina hovliga kirib borarkanmiz, o‘rta bo‘yli ayol bizni noxush kutib oldi. Sal o‘tib, mahalla oqsoqoli, profilaktika inspektori ham yetib keldi. Hayotda hamma ham adashishi mumkinligi ayolga tushuntirildi. To‘rt nafar bolani tirik yetim qilish noto‘g‘ri ekani aytildi. Bir chetda voqealarni kuzatib turarkanman, dadamning ishi naqadar qiyin, ayni chog‘da sharafli ekanini angladim.

Hammasi yaxshilik bilan tugab, er-xotin yarashganida qosh qoraygandi. Qaytar ekanmiz, bozor allaqachon yopilgan, peshtaxtalar bo‘m-bo‘sh edi...

Dadam Sardoba tumanida tug‘ilgan. Maktabni tugatib, Toshkent shahrida harbiy xizmatni o‘tagan. Xizmatdan qaytgach, 2003 yili Sirdaryo viloyati IIBga ishga qabul qilingan. Xizmat faoliyatini viloyat IIB PPX 2-otryadida boshlagan. Ham ishlab, ham o‘qigan. Faoliyati davomida ko‘plab jinoyatlarni fosh etgan.

Baʼzan haftalab sizni ko‘rmaymiz, deya dadamdan yozg‘irgan paytimda u kishi kulimsirab, baxt degani shu bo‘ladi o‘g‘lim, oilang seni intizor kutishi, kasbing taqozosiga ko‘ra hammaga kerak bo‘lishingning o‘zi katta baxt, deya uqtiradi.

Dadam ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda ishlagan. Hozirda Guliston shahar IIB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektori vazifasida xizmat qilib kelmoqda.

Hozir dilimdagi orzuimni aytishning ayni fursati, menimcha. Ulg‘ayib, mustaqil hayotga qadam qo‘yganimda, albatta, huquqshunos bo‘laman. Dadam kabi adolat ustuvorligini taʼminlashga xizmat qilaman.

Azizbek TURG‘UNBOYEV, Guliston shahridagi 2-sonli maktab o‘quvchisi.

Sirdaryo viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага