7 Fevral 2023 510

Changer (Chenjer) – jinoyat izini yashiruvchilar

Soʻnggi vaqtlarda fuqarolarning uyali telefon apparati yoʻqolganligi haqidagi xabarlari koʻpaymoqda. Voqea tafsilotlarini aniqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tergovga qadar tekshiruv oʻtkazadi, jinoyat alomatlari boʻlganda, jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi.

Oʻzbekistonda mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimining joriy etilgani ushbu turdagi jinoyatlarni ochishga yondashuvni tubdan oʻzgartirgan edi.

Hozirda, jinoyatchini topish va uyali telefon apparatini egasiga qaytarish uchun mobil qurilma egasi tomonidan taqdim etilgan IMEI-kodidan foydalanilmoqda.

Biroq, texnologiya rivojlanishi bilan bir qatorda jinoyat izlarini yashirish usullari ham shunga monand rivojlanib bormoqda. Yaʼni jinoyatchilar endilikda klonlangan IMEI-kodlarini yaratishmoqda. Bunday klonlangan IMEI-kodlarini esa avtomatik aniqlash va blokirovka qilishning texnik tartibi joriy etilmagan.

Klonlash quyidagicha amalga oshiriladi: maxsus dasturiy taʼminot vositasidan foydalangan holda IMEI-kodi bitta mobil qurilmadan bir yoki bir nechta mobil qurilmalarga uzatiladi va natijada tarmoqda bir xil IMEI-kodi boʻlgan bir nechta mobil qurilmalar paydo boʻladi.

Bu ishlarni amalga oshirayotganlar kimlar?

Ularni xalq orasida “Changer” (Chenjer) deb atashadi. Aynan ular IMEI-kodlarni klonlashtirish bilan shugʻullanadi.

Bu oʻz navbatida oʻgʻirlangan uyali telefonlarni izlab topishni qiyinlashtirib, noqonuniy olib kirilgan mobil qurilmalarni respublika hududida roʻyxatdan oʻtkazish imkonini beradi.

Ayni paytda mobil qurilmaning xalqaro identifikatsiya kodini noqonuniy ravishda oʻzgartirganlik uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik mavjud emas. Bu esa jinoyat izlarini yashiruvchi shaxslar jazosiz qolishiga sabab boʻlmoqda.

Bu kabi kazusli holatni bartaraf etish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli normalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! Sizlardan mobil qurilmalarni rasmiy doʻkonlardan xarid qilishingizni soʻraymiz. Shu yoʻl bilan oʻzingizni jinoyatchilar qarmogʻidan saqlab qolishingiz mumkin!

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага