20 Aprel 2021 5055

Buxoroda kriminalistning zukkoligi sabab o'g'irlik jinoyati fosh bo'ldi

Joriy yilning 25 mart kuni soat 09.00 dan  26 mart kuni soat 08.30 ga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida noma'lum shaxs o'zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Kogon tumani Beklar mahallasida yashovchi, 1980 y.t. A.G. ning yashash xonadoniga g'ayriqonuniy ravishda kirib, uning yotoqxonasidan qo'l hamyoni ichida bo'lgan 200 AQSh dollari, 2000 Rossiya rubli va bir dona bahosi 300.000 so'mlik kumushdan yasalgan ayollar zanjirini talon-toroj qilib, jabrlanuvchiga jami 3.800.000 so'mlik moddiy zarar etkazgan holda o'g'irlik jinoyatini sodir qilganligi to'g'risida IIBga xabar kelib tushgan.

Mazkur xabarnoma asosida tuman IIB tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa sodir bo'lgan joy ko'zdan kechirilganda, 10 dona qo'l barmoq izlari tegishli tartibda hujjatlashtirib olinib, holat yuzasidan noma'lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan holda dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishi bo'yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida, hodisa sodir bo'lgan joydan olingan qo'l barmoq izlari yuzasidan “Daktiloskopik ekspertizasi” tayinlanib,  qo'l barmoq izlari ustida Buxoro viloyati IIB ekspert-kriminalistika bo'limi mutaxassis eksperti tomonidan kriminalistik tadqiqot o'tkazilib, izlar “Shaxsni avtomatlashtirilgan daktiloskopik identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshirilganda, 10 dona qo'l barmoq izlaridan 3 tasi Kogon tumani Beklar mahallasida yashovchi 2005 y.t. 9-sinf o'quvchisi, voyaga etmagan K.Sh.ning qo'l barmoq izlari bilan aynan bir xil ekanligi aniqlangan.

Shundan so'ng voyaga etmagan K.Sh. jinoyat ishi bo'yicha gumon qilinuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilinib, u bilan olib borilgan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilganligi to'liq o'z tasdig'ini topib, jinoyat fosh etilgan.

Hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага