Buxoro viloyati IIBda “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” munosib qarshilandi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-10-son qarori tegishli bandi ijrosi yuzasidan xotin-qizlarning kasbiy faolligi va tashabbuskorligini oshirishga qaratilgan turli maʼnaviy-maʼrifiy va targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Shu jumladan, Buxoro viloyati IIB tomonidan Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi bilan hamkorlikda “Olima ayol — ilmli millat asoschisi” mavzusida navbatdagi davra suhbati tashkil etildi.
Bunda, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va hamkor tashkilotlar “Oqila ayollar” harakatining aʼzolari faol ishtirok etishdi.
Tadbirda BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga koʻra 11-fevral — “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni” etib belgilangani munosabati bilan ilm-fanda ayollarning erishayotgan yutuqlar haqida soʻz yuritildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda ayollarga boʻlgan yuksak eʼtibor, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, olima va oqila ayollarga jamiyat tayanchi deya qaralishi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Shuningdek, viloyatimizni har sohada faol xotin-qizlarning erishgan yutuqlari, muvaffaqiyatlari hamda bugun oilada, jamiyatda ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani natijasi oʻlaroq ijtimoiy munosabatlarda ham, qonunchilikda ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgani, xotin-qizlar va gender tenglik borasida qilingan ishlar haqidagi fikr-mulohazalar bilan oʻrtoqlashildi.
Yakunda tadbir ishtirokchilariga Axborot-kutubxona markazi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalar topshirildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati