17 Aprel 2022 1323

Bir surat tarixi

Oʻtgan yili general-leytenant Bahodir Matlyubov muallifligida chop etilgan «Oʻzbekistonda jamoat tartibi v xavfsizlikni taʼminlash tarixi» nomli kitobning 257-betida bir surat bor. Unda derazalari oʻqqa tutilgan navbatchilik qismi, ichkarida esa xizmatni mardonavor davom ettirayotgan ikki nafar xodim aks etgan.

Xodimlardan biri telefonda muhim topshiriqlarni qabul qilayotgan boʻlsa, ikkinchisi uni daftarga qayd etyapti.

Fargʻona viloyati IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik Arabboy Usmonov ushbu surat tarixini gapirib berdi.

Uning aytishicha, surat Fargʻona voqealari avjiga chiqqan pallada, 1989-yil 3-iyun kuni tasvirga olingan boʻlib, unda Toshloq tumani Ichki ishlar boʻlimi navbatchilik qismi aks etgan.

Oʻsha kuni navbatchi yordamchisi sifatida postda turgan katta serjant Mahmudjon Temirov ayni paytda Toshloq tumanidagi “Turvat” mahalla fuqarolar yigʻinida rais boʻlib ishlaydi, - dedi Arabboy aka. - Agar xohlasangiz, uyiga borib, suhbatlashamiz. Yaxshi maqola yozishingiz ham mumkin.

Oʻzbek xalqi mustaqillikka osonlikcha erishmaganini, baxtli va farovon kunlarga yetish uchun ichki ishlar organlari xodimlari qanday ogʻir sinovlarni boshdan oʻtkazganini yoshlar bilishi kerak.

Ertasiga Arabboy Usmonov hamda Toshloq tumani IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi kapitan Halimjon Rahmonov hamrohligida Mahmudjon Temirovni yoʻqlab bordik. Uni oʻzi raislik qilayotgan “Turvat” MFY binosida uchratdik.

1989-yil iyun oyi Fargʻona tarixida iztirob bilan esga olinadigan oy boʻlib qoldi, - deydi isteʼfodagi katta serjant Mahmudjon Temirov suratda aks etgan kunni xotirlab. - Dastlab Quvasoyda oʻzbek va turk millatiga mansub yoshlar oʻrtasida boshlangan nizo katta tartibsizlikka aylanib ketdi.

3-iyun kuni ana shunday voqealar Toshloq tumani markazida ham roʻy berdi va juda tahlikali tus oldi. Men oʻsha kuni ertalab suratda aks etgan hamkasbim, mayor Musajon Egamberdiyevga yordamchi boʻlib, navbatchilik postini qabul qilgan edim.

Ertalabdan tuman markazi boʻylab olomon yigʻila boshladi, kechga borib toʻplangan odamlar 5-6 ming nafardan oshib ketdi. Ularning orasida qurollangan shaxslar ham bor edi.

Tartibsiz olomondan oʻziga qalqon sifatida foydalangan qurolli kimsalar tuman Ichki ishlar boʻlimiga kirishga obdon urinishdi. Hatto oʻq otishdi, qoʻllariga ilingan narsani, toshmi, temirmi, ayamay uloqtirishdi.

Ularning maqsadi boʻlimni egallab, qoʻshimcha qurolga ega boʻlish edi. Ammo biz bunga yoʻl qoʻymadik. Xona ichidagi manzara ayanchli edi. Oyogʻimiz ostida shisha siniqlari, uloqtirilgan tosh va boshqa narsalar qalashib yotardi. Shunday vaziyatda ham xizmat joyimizni tark etmadik.

Hamjihatlikda tartibsizlikni bartaraf etishga harakat qildik. Kechga borib vaziyat sal yumshadi.

Hozir shu mavzuda gapirsam, oʻsha tahlikali kunlarni yodga olsam, yoshlar xuddi ertak eshitayotgandek qabul qiladi. Bunday sinovlar oʻtmishda qolgani rost boʻlsin. Bugungi avlod baxtli va farovon yashasin.

Abduvosit Sidiqov, “Postda” muxbiri. Fargʻona viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага