12 Mart 2023 349

Anvar va «Gerda»

Ichki ishlar organlarida xizmatga kirganida Anvar Isroilov kinolog boʻlishni hayoliga ham keltirmagandi. Baxmal tumanining Chayish qishlogʻida tugʻilib oʻsgan yigit 2009 yili Zomin tumani IIB huzuridagi tumanlararo qoʻriqlash boʻlinmasi militsioneri lavozimida ish boshladi. Faoliyat jarayonida tez-tez xizmat itlari bilan ishlashiga toʻgʻri keldi va unda kinologiya sohasiga havas uygʻondi.

Niyating yoʻldoshing, deganlaridek 2015 yili u Jizzax viloyati IIB PPX va JTSB kinologiya xizmatiga instruktor-kinolog lavozimiga qabul qilindi. Oʻsha yili IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining maxsus tayyorgarlik oʻquv markazida oʻquv kursini tamomladi.

Qahramonimiz bugun toʻrt oyoqli hamrohi «Gerda» bilan hududda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatlarni «issiq izida» fosh etishda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.

Jonivorlarni oʻrgatish uzluksiz va tizimli amalga oshirilishi kerak. Negaki, 3-4 kun mashq qildirilmasa, egallangan koʻnikmalar unutiladi, deydi safdor A.Isroilov. Qolaversa, biz ham jismoniy va jangovar tayyorgarligimizni muntazam oshirib borishimiz zarur. Chunki tomonlardan birining kuchsizligi har ikkisining faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Viloyat IIB JTSB Kinologiya boʻlinmasi instruktor-kinologi, safdor Anvar Isroilov muntazam ravishda qoʻl jangi hamda toʻsinda tortilish bilan shugʻullanadi, har kuni tongda yugurishni ham kanda qilmaydi. Tabiiyki, safdorning oʻz ustida tinimsiz ishlashi hamda xizmat itini tayyorlash borasidagi saʼy-harakatlari besamar ketmayapti. Chunonchi, 2018 yili ichki ishlar organlari kinologlari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻpkurash musobaqasida ikkinchi, 2020 yili tashkil etilgan musobaqada esa uchinchi oʻrinni egalladi. 2021 yili oʻtkazilgan «Aʼlochi kinolog» koʻrik-tanlovida II darajali diplom sohibiga aylandi. 2022-yil ham omadli kelib, unga «III toifali kinolog» koʻkrak nishoni topshirildi. Oʻtgan yili xizmat iti yordamida 5 ta jinoyatni ochishga erishdi.

Alijon ABDUSATTOROV, “Postda” muxbiri.
Jizzax viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага