28 Oktabr 2022 1488

Мahkumlar oʻrtasida psixologik trening oʻtkazildi

Jamiyatimizda mavjud boʻlgan ijtimoiy muammolardan biri suitsid, yaʼni oʻz joniga qasd qilish hisoblanadi. Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarga xos boʻlgan muammolar umumjamiyat muammolarining bir qismi hisoblanadi. Chunki, ular jamiyatning bir qismi ekan, ushbu muammolardan chetda, alohida mavjud boʻlishi mumkin emas. Shu bois joriy yilning 20-oktyabr kuni Beshinchi mintaqaviy hudud mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi psixologik taʼminlash guruhi katta psixologi hamda markaz huzuridagi JIEK TIB katta psixologlari tomonidan 4-son JIEKda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarni individual ruhiy holatlarini, depressiya va stress holatlarini bartaraf etish hamda suitsidal xulq-atvorni oʻrganishga qaratilgan mashgʻulot tashkil etildi.

Treninglar jarayonida mahkumlar oʻrtasida psixodiagnostik tekshiruvlar amalga oshirilib, ruhiy holati beqaror ekanligi aniqlangan mahkumlar bilan individual va guruhiy tartibda psixologik konsultatsiya hamda psixologik mashgʻulotlar olib borildi.

Markaz boshligʻi podpolkovnik I.A.Sherov tomonidan imzolangan koʻrsatmaga asosan tashkil etilgan mazkur trening kelgusida mintaqa tasarrufidagi barcha koloniyalarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Shu oʻrinda mazkur mavzu yuzasidan bir narsani alohida taʼkidlab oʻtish joiz, yaʼni oila tinch va mustahkam boʻlib, unda ijobiy muhit hukm sursa, undagi oʻzaro munosabatlar muvaffaqiyatli boʻlsa, bir soʻz bilan aytganda inson har kuni ishonch bilan oʻz uyi ostonasini xatlab koʻchaga chiqsa, oilasida uni kutayotganlar borligini his qilib yashasa, bundan tashqari, oʻzi yoqtirgan ishi bilan shugʻullansa, ishlaydigan jamoasida ijobiy psixologik iqlim hukm surib, oʻz jamoasida oʻz oʻrnini topsa, suitsid degan hodisa bunday odam uchun yot, u suitsidni hatto hayoliga ham keltirmaydi.

IIV huzuridagi JIED Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага