Afv etilganlar bilan muloqot oʻtkazildi
Joriy yilning 7-dekabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan qabul qilingan mazkur huquqiy hujjat asosida 402 nafar shaxsning bir qismi toʻliq, yana bir qismi shartli ozodlikka chiqarilgan boʻlsa, boshqalarining jazo muddatlari qisqartirildi yoki yengilrogʻiga almashtirildi.
Kechirilganlar orasida 18 nafar jizzaxlik boʻlib, ulardan birining jazo muddatining uchdan ikki qismi kamaytirilgan. 17 nafari esa yashash joylariga qaytdilar. Oʻz navbatida ushbu shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy qoʻllab-quvvatlash hamda muammolarini hal qilish maqsadida Jizzax viloyati sektorlari rahbarlarining qabuli tashkil etildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, bandlik, sogʻliqni saqlash kabi tashkilotlar vakillari ishtirokida uyushtirilgan muloqot avvalida viloyat hokimi Ergash Saliyev, viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov va boshqalar mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida toʻxtaldilar.
Shundan soʻng afv etilganlarning muammolari oʻrganildi. Jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan shaxslar tomonidan tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun kredit ajratish, oʻzi yoki farzandlarini ishga joylashtirish yoxud ishga tiklanish, uy bilan taʼminlash, turar joy qurish yoki dehqonchilik qilish uchun yer maydoni ajratish, moddiy yordam olish, nogironlik nafaqasi tayinlash, davolanish kabi qator masalalar koʻtarildi. Shuningdek, afv etilganlar oʻzlariga bildirilgan ishonch va koʻrsatilayotgan koʻmak uchun minnatdorchiliklarini izhor etdilar.
Yigʻilish davomida ozodlikka chiqarilganlarga sektorlar kesimida yordam koʻrsatish choralari belgilab olindi. Jumladan, har bir shaxsga murojaatiga koʻra masʼul tashkilotlar vakillari biriktirildi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati