2022/2023-oʻquv yilida IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlovlar boʻlib oʻtmoqda
IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻqishga kirish boʻyicha nomzodlardan tanlovlar joriy yilning 22-25-avgust kunlari oʻtkazmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyundagi
459-son qarori va Ichki ishlar vazirining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish uchun tanlovlar oʻtkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018-yil 20-oktyabrdagi 286-son buyrugʻiga muvofiq, 2022/2023-oʻquv yilida munosib nomzodlarni tanlab olishni tashkil etish maqsadida IIVning ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻqishga umumtaʼlim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan oʻquvchilari (oʻgʻil bolalar) har yilgi qabul kvotalariga muvofiq tanlov asosida qabul qilinadi.
Joriy yilning 22-23-avgust kunlari tanlovning yozma ish (diktant) va umumjismoniy tayyorgarlik sinovlari oʻtkazildi.
Tanlovlarni shaffof va belgilangan talablar darajasida oʻtishini taʼminlash maqsadida barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Yozma ish (diktant) hamda umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bosqichlarining natijalari boʻyicha 6 balldan kam toʻplagan nomzodlar Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlariga kiritilmaydi.
IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan kirish test sinovlari 2022-yilning 25-avgust kuni Toshkent shahar Bogʻishamol koʻchasi 223-uy “Botanika bogʻi«da oʻtkaziladi. Test sinoviga quyilgan nomzodlar joriy yilning 25-avgust kuni
soat 08:00 ga qadar roʻyxatga olinadi hamda test sinovlari soat 09:00 da boshlanadi.
Test sinoviga qatnashuvchi nomzodlar oʻzlari bilan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma va hududiy ichki ishlar organlari tomonidan berilgan nomzod sifatida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani olib kelishlari shart.
Test sinovlariga belgilangan muddatda kelmagan yoki kech qolgan nomzodlar uchun qoʻshimcha test sinovlari oʻtkazilmaydi.
Tanlovga oid barcha maʼlumotlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatning http://iivmaktab.uz rasmiy veb-sayti orqali eʼlon qilib borilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Qabul komissiyasi